Qozog‘iston mediasi bilan hamkorlik yuzasidan kelishib olindi – Sherzod Asadov

Bugun, 25-fevral kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Qozog‘istonning «Tengrinews», «Massaget», «Vesti», «Juldiz FM», «Tengri FM» va boshqa ko‘plab yetakchi ommaviy axborot vositalarini birlashtirgan «Alash Media Group» xoldingining asoschisi va bosh direktori Zaure Kazibayeva bilan uchrashdi.
«Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdik», – deb yozadi Asadov.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda media sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga oid masalalarning keng doirasi batafsil muhokama qilingan. Ikki davlatning qardosh xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishi haqida yakdil fikr bildirildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qozog‘iston ommaviy axborot vositalariga qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda, jumladan, kontent almashish, press-turlar uyushtirish, ikki davlatning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda ilgari surishda ularga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olingan.
Ma’lumot uchun, kecha, 24-fevral kuni ham Sherzod Asadov «BBC World Nyews»ning Yevroosiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili Sergey Stanovkin bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida ma’lum qilgan edi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, professional jurnalist kadrlarni tayyorlash va matbuot xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter