Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijtimoiy tarmoqlarda Bashar Asadning ayoli haqida uzunquloq gap tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bashar Asadning ayoli haqida uzunquloq gap tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasi Asmo Asad Buyuk Britaniya va AQSh josuslik xizmatlari bilan hamkorlik qilgani haqida xabar tarqaldi.

Turkiyaning «Yeni Şafak» gazetasi yozishicha, bu haqdagi hujjatlarni suriyalik jurnalist Nizar Nayuf va «Watanserb» media tashkiloti chop etgan.

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, Asmo Asad (qizlik familiyasi – al-Axras) Bashar Asadga turmushga chiqqunga qadar, 1992 yildan boshlab Britaniyaning MI5 va MI6 razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilgan va Suriyaning ichki hamda tashqi siyosatini shakllantirishda muhim o‘rin tutgan.

Hujjatlardan anglashilishicha, Asmo Asad Londondagi J.P. Morgan bankida ishlagan payti parallel ravishda ingliz razvedkasiga ma’lumot yig‘ish bilan shug‘ullangan. 1992 yil dekabr oyida Asmo, uning onasi Saxar al-Atrissiy, Bashar Asad (bu paytda Suriya prezidenti Hofiz Asadning shunchaki o‘g‘li maqomida) hamda MI5 razvedka xizmati katta zobiti Eliza Manningem-Buller ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgani iddao qilinadi. Ma’lumot o‘rnida, Eliza Manningem-Buller 2002-2007 yillarda MI5 razvedka xizmatiga rahbarlik qilgan. Hujjatda mazkur uchrashuvda Suriya va Isroil o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari muhokama qilingani aytiladi. 

1994 yil dekabrga oid hujjatda esa Buyuk Britaniyaga safarlari davomida Bashar Asad ingliz maxfiy xizmati kuzatuvi ostida bo‘lgani qayd etiladi.

Hujjatlarda Asmo Asad AQSh milliy xavfsizlik kengashi bilan ham hamkorlik qilgani da’vo qilinadi.

«Middle East Eye» nashrining yozishicha, Asmo Asad josuslik qilgani haqidagi hujjat soxta deb baholanmoqda. Hujjat qalbaki ekanini tasdiqlovchi dalillardan biri shuki, 1992 yilga mansubligi aytilgan qog‘ozdagi yozuvlar 2015 yilda ixtiro qilingan shriftda yozilgan. 

Asmo Asad 1975 yilda Londonda suriyaliklar oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Suriya elchixonasi xodimi, otasi esa shifokor edi. O‘ziga to‘q oilada o‘sgan qiz nufuzli maktab va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan, arab, ingliz, fransuz va ispan tillarini o‘rgangan. «Doyche bank» (Germaniya) J.P.Morgan (AQSh) kabi nufuzli shirkatlarda ishlagan. Londondalik chog‘larida u Suriya prezidenti Hofiz Asadning o‘g‘li Bashar bilan tanishadi. U mahallar Bashar Asad yosh oftalmolog sifatida Londonga malaka oshirishga tez-tez borib turar edi. Shu tariqa 2000 yilda ular turmush quradi. 25 yoshiga qadar Londonda yashagan Asmo xonim endi mamlakat birinchi xonimi sifatida Damashqni manzil-makon tutadi.

Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi mobaynida prezident Bashar Asad xalqaro maydonda yomonotliq bo‘ldi. U yuz minglab odamni qirgan, o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llagan va ko‘zini hokimiyat qutqusi ko‘r qilgan mustabid sifatida tanqidga uchradi. Asmo Asad esa erining jinoyatlarida sheriklikda ayblandi.

2021 yildayoq Buyuk Britaniya politsiyasi Suriyadagi fuqarolar urushi paytida terroristik hujumlarni qo‘zg‘atishda aybdorlikda gumon qilib, Asmo Asadga nisbatan dastlabki tergovni boshlagandi.

Avvalroq Bashar Asad o‘z o‘rniga rafiqasini tayinlashga hozirlik ko‘rayotgani haqida ham ovoza tarqalgan, Asmo xonim parokandalikka yuz tutgan mamlakatdagi turli siyosiy guruhlar uchun maqbul nomzod bo‘lishi mumkinligi aytilgan edi.

2024 yil 8 dekabr kuni Asad rejimi qulashi ortidan Asmo Asad ham eri bilan birga Rossiyaga qochdi. Ayrim turk va arab nashrlari Asmo Asad 24 yillik turmushidan keyin ajrashish uchun ariza bergani va o‘zi tug‘ilib o‘sgan London shahrida yangi hayot boshlashni xohlayotganini yozdi. Biroq Buyuk Britaniya TIV mamlakat uni qabul qilishga tayyor emasligini ma’lum qildi.

Kreml ham Asadlar oilasi ajrashayotgani haqidagi xabarni rad etib chiqdi.

Xabarlarga qaraganda, Asmo Asad leykemiya (qon saratoni) tufayli yakkalash tartibiga o‘tkazilgan. Shifokorlar uning yashash imkoniyatini «50/50» deb baholashmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring