Xorazmda qurollangan shaxs bankka kirishga urindi. U xodimlar tomonidan ushlangan
Xorazm viloyati Urganch shahar Navoiy ko‘chasida joylashgan «Xalq bank» filialiga kirishga uringan qurollangan shaxs qo‘lga olindi.
Milliy gvardiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 11-iyul kuni soat 11.07 da Urganch shahar «Qo‘riqlash» bo‘limiga bank filialidan «tashvish» signali kelib tushgan.
Olingan xabarga ko‘ra voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tezkor harakatlanuvchi guruh tomonidan pnevmatik to‘pponcha bilan bank binosiga kirishga harakat qilgan fuqaro ushlangan.
Aniqlanishicha, bank filialida xizmat vazifasini olib borayotgan «Qo‘riqlash» bo‘limi xodimi ushbu fuqaroni binoga kiraverishda ko‘zdan kechirish jarayonida payqab, to‘xtatib qolgan va tashvish tugmasi orqali xabar bergan.
O‘z vaqtida yetib kelgan tezkor guruh xodimlari tomonidan qo‘lga olingan fuqaro Urganch shahrida yashovchi X.A ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati «Qo‘riqlash» boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter