Sut mahsulotlarini markirovkalash rejalashtirilmayapti – SSP
Joriy yil 11-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2025-yilgi rejalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan va unda sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ularni tahlil qiladigan laboratoriyalar tashkil etish zarurligini aytgandi. Shundan kelib chiqib esa bundan buyon ushbu mahsulotlarning tabiiy yoki quruq sutdan tayyorlangani to‘g‘risida belgi qo‘yilishi ta’kidlangan edi.
Ushbu ma’lumotlarga tayanib, «Gazeta.o‘z» nashri «O‘zbekistonda sut mahsulotlarini markirovkalash boshlangani» haqidagi materialini e’lon qildi.
Savdo-sanoat palatasi nashrning yuqoridagi iddaosini rad qilib, rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, chetdan olib kiriladigan quruq sutga o‘tgan yili cheklov qo‘yilgani oqibatida ulardan olinadigan tayyor mahsulotlar importi 30 foizga ko‘paygan.
Hozirgi kunda esa tadbirkorlar taklifiga ko‘ra quruq sut importiga cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilmoqda. Xaridorlarga sut mahsulotlarini ongli ravishda tanlash imkonini yaratish maqsadida qadoqda tabiiy sut yoki quruq sut ishlatilgani haqidagi ma’lumot ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu maqsadda Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatida tabiiy va quruq sutdan tayyorlangan mahsulotlarni ajratadigan laboratoriyalar tashkil qilish reja qilinmoqda.
«Kelajakda ularning yordamida mahsulotlarni ajratib, tabiiy yoki quruq sutdan tayyorlangan belgisini qo‘yish (ya’ni, markirovkalash emas, -tahr.) yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilyapti», – deyiladi Palataning tushuntirishida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter