Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya TIV O‘zbekiston maktablarining biridagi holat yuzasidan tushuntirish so‘rayapti

Rossiya TIV O‘zbekiston maktablarining biridagi holat yuzasidan tushuntirish so‘rayapti

Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova kecha, 25-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar Chilonzor tumani 188-maktabda kuzatilgan holat yuzasidan O‘zbekiston tomonidan «rasmiy tushuntirish» so‘raganini ma’lum qildi.

Brifingda Zaxarovaga O‘zbekistonning Toshkentida sodir bo‘lgan yuqoridagi holat bo‘yicha savol bergan jurnalist o‘quvchini «rus tilli» deya tanishtirgan. Aftidan rossiyalik diplomat ham aynan shu jumlaga e’tibor qaratadi va Rossiya va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida «hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas»ligini iddao qiladi.

«Video mazmuni bolaga nisbatan o‘ta xavotir va hamdardlik uyg‘otmasligi mumkin emas. Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», – deydi Zaxarova.

Shuningdek, u «izchil chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, ko‘p asrlik aloqalarimizda rus tilining qo‘llanilishining foydali ta’sirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-ma’rifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘zaro boyitish kerak»ligini qo‘shimcha qiladi.

«O‘zbekiston tomonidan ommaviy axborot vositalarida tarqalgan materialga huquqiy baho berish va agar asoslansa, bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan aybdorga nisbatan chora ko‘rish so‘raladi», – deydi Mariya Zaxarova «ushbu masalani diqqat bilan kuzatib borishini» ta’kidlar ekan.

O‘z navbatida, «Milliy tiklanish» demkoratik partiyasi lideri Alisher Qodirov rus diplomatining ushbu chiqishiga munosabatini bildirib, jumladan, O‘zbekistonning «ichki ishlari haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishlari»ni tavsiya qiladi.

«Bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi!

Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi», – deydi Alisher Qodirov.

Partiya lideri, shuningdek, Rossiya tomonining ayni paytdagi xalqaro maydondagi muammolariga shama qiladi va «tekis joyda to‘palondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi degan xulosaga ertaroq shekilli», deya qo‘shimcha qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili darsi payti maktabga sinov davri uchun olingan o‘qituvchi ilk darsidayoq 6-sinf o‘quvchisini tartibsizligi uchun jazolagani, ya’ni uni urgani aks etgan videolavha tarqalgan edi. Toshkent shahar MMTB holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari surishtiruv ishlarini olib borayotganini bildirgan. 

Rossiya tomonining O‘zbekistonning ichki ishi bo‘lgan yuqoridagi holatga aralashuvi bo‘yicha esa, hozircha O‘zbekiston TIV, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yoki boshqa bir mas’ul idora biror rasmiy izoh berganicha yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring