Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qashqadaryoda 18 yoshli o‘smir tok urishi oqibatida vafot etdi

Qashqadaryoda 18 yoshli o‘smir tok urishi oqibatida vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani Beshkent shahridagi suv havzalaridan birida 18 yoshli yigit tok urishi oqibatda vafot etdi. Marhum yigit asli Koson tumanidan bo‘lib, Qarshi shahridagi ko‘p qavatli uyda ijarada yashab kelgan. 

«Bola cho‘milish jarayonida tanasi nam holatida telefon quvvatlash uchun o‘rnatilgan moslama ustiga oyog‘ini qo‘ygan. Qisman tok urgan deb taxmin qilyapmiz. Hozir huquqni muhofaza qiluvchi mas’ullar tomonidan ekspertiza jarayonlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng hammasiga aniqlik kiritiladi», – deydi suv havzasi vakili Nuriddin Pirnazarov.

«Markaziy studiya» dasturida ma’lum qilinishicha, voqea sodir bo‘lganidan so‘ng marhumning yaqinlari tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilgan. Unga qadar esa bemor yigitga manzilda bo‘lib turgan shifokorlar yordam ko‘rsatgan.

Tez yordam mashinasi 18:40 larda voqea joyiga yetib borgan. Shifokor o‘sha yerda bemor yuragini yopiq massaj qilgan, sun’iy nafas bergan. Tibbiy yordamlarga qaramasdan bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.

«Bemor Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelinganda, unda tiriklik alomatlari aniqlanmagan», – deydi Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Ikrom Hayitov.

Ayni paytda holat yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Qashqadaryo viloyati IIB mas’ullari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Suzish havzasi faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring