Prezident sohalarga xorij sarmoyalarini jalb qilishga doir yig‘ilish o‘tkazyapti
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Unda investitsiya masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, ochiqlik va kuchli investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib kelayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qildi, qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi, eksport ilk bor 27 milliard dollarga chiqdi.
O‘tgan yili 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib keldi (2023 yilda bunday tumanlar 11 ta edi).
Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlarida investitsiyalar 300 million dollardan oshgan.
Tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligida reja 2 karra ortig‘i bilan bajarildi.
Shu bilan birga, yetarli sharoit bo‘la turib, investitsiya rejasi to‘qimachilikda 17 million dollarga kam bajarilgani, investitsiya «O‘ztransgaz» va «O‘zmetkombinat»da 2 barobar, «O‘zsuvta’minot»da 20 foizga pasaygani ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu tashkilotlar rahbarlari shu yil birinchi chorakda o‘zgarish qilmasa, ularning faoliyatiga baho berilishi haqida qattiq ogohlantirildi.
Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Davlat aktivlari, Farmatsevtika va O‘rmon xo‘jaligi agentliklarida grant olib kelish rejasi 25 foizga ham bajarilmagani, Qurilish, Transport, Madaniyat vazirliklari, Turizm qo‘mitasi olib kelgan granti esa 10 million dollardan past bo‘lgani tanqid qilindi.
Umuman, Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Transport, Sport, Oliy ta’lim, Madaniyat, Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar, Qurilish vazirliklarining investitsiya va grant olib kelishi bor imkoniyatlarga mutlaqo mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Salohiyati yuqori bo‘lgan Fransiya, Yaponiya, Italiya, Vengriya, Malayziya, Ispaniyadan o‘tgan yili 100 million dollar ham investitsiya kelmagani qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter