Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

 

«Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro forumi ishtirokchilariga


Aziz do‘stlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Avvalo, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, xalqimizning ma’naviy-moddiy merosini ommalashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shib kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Dunyo olimlarining tinimsiz va mashaqqatli mehnati tufayli inson tafakkuri va moziy xazinalari qayta jonlanib, zamonaviy madaniyatni o‘tgan asrlar tajribasi bilan boyitmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi o‘ziga xos yagona tarixiy-madaniy makon sifatida jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Xususan, «Islom madaniyatining oltin asri» deb e’tirof etiladigan IX–XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuz berib, zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar yetishib chiqdi va butun musulmon olamining faxru iftixoriga aylandi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariy taraqqiyotga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi.

XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat mintaqada ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi.

Donishmand elimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, eng mutaraqqiy xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tub islohotlar orqali yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratishga bel bog‘laganmiz.
Shu o‘rinda Xorazm vohasining ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga egaligini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Shaxsan o‘zim qachonki bu zamin tuprog‘iga qadam qo‘ysam, ko‘hna tarix sirlaridan ogoh bo‘lgandek, ko‘p hayotiy hikmatlarning mag‘zini chaqqandek bo‘laman. 

Xorazm haqida so‘z yuritganda mashhur shoirimiz Omon Matjonning mustaqilligimizdan oldin yozgan bir she’ri yodimga tushadi. U kishi «Nega Xorazmda tog‘lar yo‘q?» degan savolni qo‘yib, «Xorazmning buyuk tog‘lari –Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Feruzlardir», deb javob beradi. Bugun biz cheksiz g‘urur va iftixor bilan bu ro‘yxatga Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Hofiz Xorazmiy, Sulaymon Boqirg‘oniy singari ulug‘ ajdodlarimizning qutlug‘ nomlarini ham qo‘shib aytishga to‘la haqlimiz.

Biz ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning ilmiy, madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.
Xabaringiz bo‘lsa, Islom hamkorlik tashkilotining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Al-Xorazmiy nomida yosh matematiklarning xalqaro olimpiadasini tashkil etish va uni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdik. 

O‘ylaymanki, ushbu olimpiadani aynan algoritm vatani bo‘lmish Xorazmda, Xorazm Ma’mun akademiyasida o‘tkazish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. 

Xorazm qadim-qadimdan o‘ziga xos jozibador san’ati bilan ham mashhur. Bugun xorijiy davlatlar vakillari lazgi milliy raqsini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib viloyatda lazgi akademiyasini tashkil etish mo‘ljallangan. Qolaversa, san’atimizni tarannum etish, xorijliklarni yurtimizga jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazyapmiz.

Kezi kelganda Jahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan «Shashmaqom» va «Boysun tumanining madaniy makoni» (2008), «Katta ashula» (2009), «Askiya» (2014), «Palov madaniyati va urf-odatlari» hamda «Navro‘z» (2016) joy olganini eslab o‘tgan holda, shu kunlarda esa baxshichilik san’ati hamda etnik sport turlarining ham umumbashariy miqyosda e’tirof etilishiga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilayotganini ta’kidlashni istardim.

Hurmatli mehmonlar!

Bugungi Xalqaro forum ishtirokchilari orasida O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyatining ko‘zga ko‘ringan tadqiqotchi-a’zolari borligi, ayniqsa, menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi. Barchangizni shu kunlarda o‘zining besh yilligini nishonlayotgan loyiha birlashtirib turibdi.

O‘tgan davr mobaynida siz yurtimiz merosi, o‘rta asr allomalarining bir qancha buyuk ishlari faksimillari haqida 50 ta kitob-albom chop etib, «O‘zbekistonning me’moriy epigrafikasi» degan noyob loyihani davom ettirdingiz. Buni mamlakatimizdagi gumanitar fanlar uchun qo‘shilgan muhim va salmoqli hissa deb bilamiz.

O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasida, Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgani – Yaratganning inoyati, ulkan imkoniyat hisoblanadi. Ming yillar mobaynida turli millat va elat vakillari, til va e’tiqod egalari birga yashagan, do‘st-birodar tutingan, quda-anda bo‘lgan, oldi-sotdi munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Shular orqali mintaqa rang-barang madaniyatlar o‘chog‘iga aylangan.

Vatanimiz qadim zamonlardan muhim savdo va migratsiya yo‘llarining tutashuv nuqtasi bo‘lgan. Bu yerda madaniyatlar va dinlar o‘zaro uyg‘unlashib, ko‘pgina millat va elatlar uchun o‘ziga xos, takrorlanmas yashash muhitini shakllantirgan. Yuksak rivojlangan shahar va ko‘chmanchi sivilizatsiyalarning bir-biriga o‘zaro ta’siri madaniyatimizga dunyoning boshqa hududlaridan ajratib turuvchi betakrorlik baxsh etgan.

Qadrli do‘stlar!

Markaziy Osiyo mintaqasini o‘rganish jahon taraqqiyotining ko‘plab qirralarini anglashning asosiy omiliga aylanib bormoqda.

Jumladan, «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi doirasida Xiva shahrida YuNESKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi kengashining yig‘ilishi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisi, Nukus shahrida «Arxelogiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosni boshqarish» xalqaro arxeologiya anjumani hamda II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.
Mazkur nufuzli forum, unda taqdim qilingan yangi kashfiyotlar, taqdimotlar, ma’ruzalar, shubhasiz, O‘zbekiston tarixi va madaniyatining o‘ziga xosligini namoyish etadi, mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining jahon tarixidagi o‘rni va ahamiyatini ochib beradi. Ana shu chinakam bebaho bilimni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish bizning bosh maqsadimiz va muqaddas burchimizdir.

Yaqinda, xabaringiz bor, qutlug‘ sana – Mustaqilligimizning 30 yilligini keng nishonladik. Istiqlol yillarida o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash yo‘nalishida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, keyingi besh yilda ilmiy ishlanmalar va g‘oyalar, tashabbuslar almashinuvi uchun yangi festivallar hamda platformalar yaratishga alohida e’tibor qaratdik.

Madaniy merosni ommalashtirishga qaratilgan bir necha forumlar, jumladan, Termizda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Shahrisabzda Xalqaro maqom san’ati anjumani, Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivalini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yildi. Islom ta’limoti g‘oyalarini yoyish va buyuk ilohiyotchilar asarlarini o‘rganish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochildi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda.
Biz buyuk ajdodlarimiz nomlarini abadiylashtirish, ularning boy ma’naviy boyligini asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish, qo‘hna zaminimiz madaniy qadriyatlarini tiklash hamda rivojlantirish orqali renessanslar an’anasini davom ettirishni niyat qilganmiz.

Yurtimiz hududida shu paytgacha ikkita buyuk Renessans ro‘y berganini ushbu forumda ishtirok etayotgan barcha juda yaxshi biladi. Shu buyuk tarixiy voqealarga munosib ravishda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etishga kirishdik.

To‘g‘ri, pandemiya ba’zi rejalarimizga o‘zgartirishlar kiritayotgani ham rost, ammo biz kelajakda tanlangan yo‘limizdan aslo to‘xtamaymiz. Shu bo‘yicha belgilab olgan maqsadlarimizga qat’iy rioya qilishda davom etamiz.

Ayniqsa, mamlakatimiz madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylashda olimlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyormiz.

O‘ylaymanki, forum ishi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda sivilizatsiyalar tarixi, baxshichilik, arxeologiya bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Forumning asosiy tadbirlaridan biri bo‘lgan – Turkiy tilli davlatlar maslahat uchrashuviga ham muvaffaqiyat tilayman.

Muhtaram do‘stlar!

O‘zbekistonning kelajagini belgilab beradigan madaniyat va ma’rifat sohasida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoladi.
Zero, bizni tinchlik va yaratuvchanlikka, xalqlar farovonligiga yetaklovchi ham aynan ilm-ma’rifatdir. Bu maqsadlarga sa’y-harakatlarimizni birlashtiribgina erisha olamiz.
Butun insoniyat mulki hisoblangan O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirishga qo‘shgan bebaho hissangiz uchun Sizga yana bir bor o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Ushbu nufuzli forumni o‘z shafeligida o‘tkazayotgani uchun YuNESKO tashkiloti rahbariyatiga ham tashakkur aytamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring