Yunusoboddagi holat yuzasidan ikki xil munosabat: «Xabar.uz» yolg‘on ma’lumot tarqatganmidi?..
Shu yilning 12-sentyabr kuni «Xabar.uz»da poytaxt maktablaridan birida qo‘riqlash xizmati xodimlari, ya’ni Milliy gvardiya xodimlarining oylik maoshlari uchun o‘quvchilardan pul yig‘ilayotgani haqida material e’lon qilingan edi.
Ushbu noqonuniy pul yig‘ilishi haqida material e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati o‘zining rasmiy munosabatini berdi. Ammo bu haqda keyinroq…
***
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi saytimizda yoritilgan holat yuzasidan tahririyat bilan bog‘landi va mazkur maktabning muammoli maktablardan biri ekanini, holat o‘rganilayotganini va tez orada rasmiy munosabat berishini ma’lum qildi.
Oradan bir kun o‘tib, 13-sentyabr kuni e’lon qilingan Toshkent shahar ta’lim boshqarmasining rasmiy munosabatida ma’lum qilinishicha, «me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq, maktablar xavfsizligini ta’minlash maqsadida har bir maktab uchun qorovullar shtatlari ajratilgan bo‘lib, ularni moliyalashtirish davlat budjeti tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda». Jumladan, boshqarma tomonidan ham maktablarni qo‘riqlash uchun pul talab qilish yuzasidan hech qanday topshiriqlar berilmagan.
Shu bilan birga o‘quvchilaridan MG xodimlari uchun 50 ming so‘mdan yig‘ilayotgani aytilgan Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 265-sonli umumta’lim maktabida esa o‘sha kuni tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan.
Eng qizig‘i, yig‘ilishda «ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish, o‘quvchilarni xavfsiz va sifatli ta’lim olishlariga sharoit yaratish uchun talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘lar ajratish bo‘yicha takliflar olingan». Bundan tashqari Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova raisligida o‘tgan ushbu majlisda «poytaxt maktablarida Milliy gvardiya xodimlari faoliyatini yaxshilash, ularga ish haqi to‘lash kabi masalalarga ijobiy yechim topishda Toshkent shahar hokimligi amaliy yordam berishga doimo tayyorligi alohida ta’kidlab o‘tilgan».
***
Sohaga doir holatlar OAVda e’lon qilinganda, aftidan tezkorlikni muhim deb bilgan Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati esa, negadir ko‘tarilgan muammo qolib, holatni yoritgan «Xabar.uz» tahririyatini yolg‘onchilikda ayblaydi.
Boshqarma axborot xizmati yuqoridagi kabi, «har bir maktab uchun qorovullar maoshi davlat budjeti hisobidan» qoplanishini bildiradi va maktablarda pul yig‘ish bo‘yicha «Milliy gvardiya bo‘linmalari tomonidan hech qanday topshiriqlar berilmagan»ini ta’kidlaydi.
Va o‘z navbatida, boshqarma axborot xizmati saytda berilgan ma’lumotning haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmasligini aytib, tahririyatga yolg‘on ma’lumot tarqatishning huquqiy oqibatlarini eslatib qo‘yadi.
«Fuqarolarimizdan yolg‘on va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz», deya keltirilgan alohida ta’kid esa mazkur idora axborot xizmatining tahririyatga nisbatan ayblovi kuliminatsiyasi bo‘lib bergan…
Xo‘sh, MG Toshkent shahar boshqarmasi ayblaydigan darajada nima bor o‘zi? Ob’yekt aniq, vaziyat o‘rganilgan va yozishmalardan foto va video dalillar yetarli. Barcha ma’lumotlar olinganidan so‘ng material saytda e’lon qilindi…
Endi, Toshkent shahar ta’lim boshqarmasi bergan rasmiy munosabatdagi «poytaxt maktablarida Milliy gvardiya xodimlariga ish haqi to‘lash kabi masalalarga ijobiy yechim topishda Toshkent shahar hokimligining amaliy yordamga shay»ligiga e’tibor qaratsak, shunda kim yolg‘onchi bo‘ladi?
O‘sha yig‘ilishda «ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni xavfsiz va sifatli ta’lim olishlariga sharoit yaratish uchun talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘lar ajratish bo‘yicha takliflar olingan»i Milliy gvardiya xodimlariga ish haqi to‘lash masalasi haqiqatda sansolar bo‘lib turganini anglatmayaptimi?..
Yoki idora o‘z munosabatida «har bir maktab uchun qorovullar maoshi davlat budjeti hisobidan», deya vaziyatdan silliq chiqib ketishni maqsad qilganmidi? Qorovul shtatlari maktablarda bor, ammo MG qo‘riqlash xizmati xodimlari maktab shtatida turmasligi hammaga ayonku…
Yoki idoraga muammoni o‘rganishdan ko‘ra uni bayon qilgan tomonni ayblash qulayroqmi?
Har ne bo‘lganidayam, masalaning ichiga kirib o‘rganish, quyi tizim, quyi tashkilotlarda mana shunday noqonuniy tashabbus bilan chiqadiganlar topilib qolishi inobatga olinishi kerak. Rasmiy munosabat bildirishda esa tezkorlik yaxshi, biroq masalaning mohiyati qolib, ikkinchi tomonni aybdor qilish yo‘lini tutish – professionalizm emas.
Xabar.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter