Qashqadaryolik soliqchilarga hayfsan berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi 14-maktabda tuman soliq inspeksiyasi xodimining 2-sinf bolalariga soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash haqida qilgan targ‘iboti aks etgan video tarqalgandi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi ushbu soliqchilarga tayinlangan xizmat tekshiruvi natijasini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, soliqchilarga intizomiy jazo qo‘llangan.
«Joriy yil 4 sentyabr kuni soliq inspeksiyasining Ishlab chiqarish va yordamchi xodimlar tarkibidan Ro‘zmamat Nurmanov va Bobur Hazratqulov tumandagi 14-sonli o‘rta maktab borib, 3-sinf o‘quvchilariga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari haqida eslatmalarni ota-onalariga yetkazish uchun tarqatgan.
Inspeksiya rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarga eslatmani aynan maktab hududida tarqatish haqida topshiriq berilmagan.
Xodimlar maktab o‘qituvchisi bilan kelishib, sinf xonaga kirgan holda o‘quvchilarga eslatmalarni tarqatgan. Holat sinf rahbari tomonidan videotasvirga olinib, sinf o‘quvchilari ota-onalarining Telegram’dagi guruhiga tashlab yuborilgan. Natijada ushbu videotasvir ijtimoiy tarmoqlarga salbiy talqinda tarqalib ketgan», deyiladi boshqarma rasmiy munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Nishon tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Rahimqulovga rasmiy ogohlantirish berilgan. Xodimlar R.Nurmanov va B.Hazratqulovga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Shuningdek, barcha shahar va tuman soliq inspeksiyalari boshliqlari bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter