Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gaz zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi

Gaz zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda sovuq havo sabab zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi

So‘nggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Bugungi kunda aholining tabiiy gaz kunlik iste’moli o‘tgan haftadagiga nisbatan 20 foiz, elektr energiyasi iste’moli esa 15 foiz ortgan.

Bunday vaziyatda tizim korxonalari tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarni tezkor hamda sifatli tashkil qilish, iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida tizimda doimiy ravishda zarur choralar ko‘rib borilmoqda.

Jumladan, sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu kun faoliyat yuritadigan 1 600 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etildi hamda ular kerakli avtotransport vositalari va zaxira qurilmalari bilan to‘liq ta’minlandi.

Ma’lumot uchun: elektr ta’minoti korxonalariga 877 ta avtotransport hamda 450 ta maxsus texnika, gaz ta’minotiga – 220 ta avtotransport va 259 ta maxsus texnika biriktirilib, 567 ta payvandlash apparati bilan ta’minlangan.

Aholi hamda ijtimoiy soha ob’yektlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha soha ob’yektlarida 24 soatlik ish rejimiga o‘tilgan bo‘lib, joylarda ishlarning borishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Sodir bo‘lgan avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilib, avariyani bartaraf etishning o‘rtacha vaqti o‘tgan yildagi 3-3,5 soatdan joriy yilda 1-1,5 soatgacha qisqartirildi.

Shuningdek, oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi.

Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi ob’yektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yer osti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.

Birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifamiz ekanligini inobatga olib, hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, iste’mol yuqori bo‘lgan ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Bu bo‘yicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda ma’lumot berib borilishi yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi vazirlik xabarida. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring