Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asakalik «Temir xotin» yoxud qishlog‘iga suv chiqargan 72 yoshli fermer ayol haqida...

Asakalik «Temir xotin» yoxud qishlog‘iga suv chiqargan 72 yoshli fermer ayol haqida...

Serg‘ayrat, tinib-tinchimas bu ayolni ko‘rib 72 yosh bermaysiz. Yetti yoshidan dalada ketmon chopib, paxta tergan, qurt boqib ilg‘or pillakor nomini olgan dehqon ayolni asakaliklar «Temir xotin», deyishadi. 

Xayrixon Azizova Asakaga Farg‘onaning Quva shahridan kelin bo‘lib tushgan. Dehqonchilikda suyagi qotgan yosh kelinchak bekor o‘tirolmay, dalaga ishga chiqib ketadi. Ishni terimchilikdan boshlagan Xayrixon barchani hayratga solib kuniga 200 kg dan paxta teradi. Pilla mavsumida 75 quti ipak qurti boqib, pilladan mo‘l hosil oladi. Tez orada uning mehnatlari besamar ketmadi – dovrug‘i yoyilib, brigadirlikka ko‘tariladi.

– Dehqonchilik qonimda bor, – so‘zlaydi Xayrixon opa. – Otam kolxoz raisi bo‘lgan, oilamizdagi hamma dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Hatto, ishonasizmi, onam meni dalada, qovun chopig‘i paytdi dunyoga keltirgan (kuladi). Shu bois, yersiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Mana, qirq yildan oshibdiki, daladaman. Yerga mehrim bo‘lakcha.

Xayrixon opa 2006 yili «Ming o‘rik azizi» fermer xo‘jaligini tashkil etdi. 20 ga yer olib, bug‘doy sepdi, boshlanishiga 10 tup o‘rik ko‘chati o‘tqazdi. Hozir xo‘jalik ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylangan. Mavjud 40 gektar yer maydonining 33 gektarida g‘alla, 6 gektar intensiv bog‘da olma, o‘rik, gilos kabi mevalar yetishtiriladi. 50 bosh qoramol, 50 bosh tovuq, 10 ta asalari oilasi parvarishlanyapti. Xayrixon opa olayotgan daromadining bir qismini qishloqdoshlari bilan baham ko‘radi. Kim yordam so‘rasa, yordamini ayamaydi. 20 dan ziyod mahalla odamlarini ish bilan band qilgan.

 – Har kuni «bugun qanday xayrli ish qildim, oilamga, odamlarga nima nafim tegdi?», deb o‘zimga-o‘zim savol beraman, – deydi fermer. – Ozgina bo‘lsada, ezgu amal qilgan bo‘lsam, tinch uxlayman. Aks holda, uyqum qochadi. Har bir inson o‘tayotgan kunini  sarhisob qilib yashashi kerak.

Mahalla – mo‘’jaz Vatan. Bu muqaddas dargohda amalga oshirilgan har bir ezgu ish, mahalladoshlar uchun qilingan har bir yaxshilik – Vatan uchun qilingan fidoyilikqa tenglashtiriladi. Bugun mahalla hayotida, uning har jihatdan yuksalishida opa-singillarimizning ham o‘ziga yarasha o‘rni, hissasi bor. Xayrixon Azizova ham mahallaning eng faol, kayvoni onaxonlaridan – to‘y-hashamlarga bosh bo‘lish, sovchilik, urishganlarni yarashtirish, nogironlar holidan xabar olish, yo‘qsillarni yo‘qlash, mahallani obod qilish, muammolar uchun qayg‘urish, qo‘yingki, «Qadim» qishlog‘ining «Anzirat buvi»si.

«Qadim»da qadimdan suv muammo edi. Mahalla ahli va hududdagi fermerlar ekinlarni sug‘orishga qiynalishar, suv yetishmovchiligi sabab bog‘-rog‘lar ham qovjiray boshlagandi. Xayrixon Azizova o‘z fermer xo‘jaligi hisobidan suv muammosini bartaraf etish uchun 40 mln so‘m mablag‘ sarfladi. Ammo, bu mablag‘ butun boshli massivni suv bilan ta’minlash uchun yetarli emasdi. Xayrixon opa viloyat hokimiga qayta-qayta chiqaverdi, Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasiniyam tinchitmadi, qishlog‘i Davlat dasturiga kiritilmaguncha to‘xtamadi. Dastur doirasida 2,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgach, hududga Asaka tashlamasidan suv quvuri tortib kelindi. Massivdagi Qipchoq, Qo‘qonlik, Uzunko‘cha, Beshkal mahallalari hamda fermer xo‘jaliklar yerlariga suv yetib keldi. Mana, hozir mingdan oshiq xonadon, o‘nlab fermer xo‘jaliklari suvdan bahramand bo‘lyapti. Bundan tashqari, fermer bosh-qosh bo‘lib, «Qadim» arig‘ini ekskavator yordamida tozalatib, kovlatib ham turadi. 

– Ariqning uzunligi salkam 7 kilometr. Buni kovlatib, suv yo‘lini ochib turmasak, massivning oxiriga suv yetib bormaydi. Qishloq xo‘jalik ekinlari suvsiz qoladi. Shu bois, boshqarmani tez-tez bezovta qilib turaman, – deydi kulib.

Xayrixon Azizova qilgan mehnatlari, yurtimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi  uchun «Shuhrat» medali,  «Fidokorona mehnatlari uchun» ordeni, «Mustaqillikning 25 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlangan.

Shuningdek, har yili paxta va g‘alladan mo‘l hosil yetishtirgani, jamiyatdagi faolligi uchun Andijon viloyat hokimi tomonidan avtomashina, Haj safari yo‘llanmasi bilan taqdirlangan.

Ayni kunlarda fermer ayol kuzgi bug‘doyni o‘z vaqtida, kechiktirmay ekib olish uchun yer maydonini tayyorlash ishlari bilan ovora.

   – Kuz  dehqonning malaka va tajribasini, yerga bo‘lgan mehrini sinovdan o‘tkazadigan palla. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi ayni paytdagi mashaqqatli mehnatimizga bog‘liq. Kuzning har bir lahzasidan unumli foydalanishimiz kerak!, – deydi tajribali dehqon, ilg‘or fermer Xayrixon Azizova.

 

Ruxshona JO‘RAYeVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring