Xalq bankining «Tezkor xabar» mobil ilovasi orqali korrupsiyaga chek qo‘yilmoqda
Xalq banki bosh ofisida «9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni» munosabati bilan «Ochiq eshiklar» kuni o‘tkazildi. Tadbirda Xalq banki faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Xo‘sh, tizimda korrupsion holatlar aniqlanganda markaziy apparat qanday xabar topadi?
Ikki yildan beri faoliyat yuritayotgan «Tezkor xabar» mobil ilovasi haqida bugun ko‘pchilik mijozlar yaxshi biladi. Uning qulayligi va ishonchliligi shundaki, mazkur mobil ilova orqali kelib tushgan murojaatlar inson omilisiz avtomatik ravishda qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va aniqlangan holatlar yuzasidan muayyan choralar ko‘rib boriladi. Ilova Xalq banki mijozlariga tizimda bank xodimlari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilgan yoki korrupsiyaga olib keluvchi holatlardan bank rahbariyatini xabardor qilish imkonini beradi. Ilova orqali 2023-yilning 11 oyi davomida 100ga yaqin murojaat kelib tushgan.
– Mazkur murojaatlar o‘rganilib, tegishli holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan, – deydi Boshqaruv raisining axborot siyosati maslahatchisi Gulnoza Alimova. – Bankning har bir filialida Ichki nazorat va komplayens menejeri lavozimi joriy etilgan bo‘lib, ular kunlik bank operatsiyalarini to‘liq nazoratdan o‘tkazib, aniqlangan har qanday qonun buzilish holatlari bo‘yicha belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilishini ta’minlaydi. Agar biz ushbu ilova targ‘iboti bilan yanada ko‘proq shug‘ullansak, balki bundan ham ko‘proq murojaatlar bilan ishlashimiz kerak bo‘ladi.
Darvoqe, Xalq bankida ichki nazorat tizimida ichki auditning ham o‘rni muhim. Audit tekshirishlarini o‘tkazish, birinchi navbatda, tavakkal darajasi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar faoliyatining nazoratga olinishi bilan ahamiyatli. Qolaversa, har bir bo‘linmada o‘tkazilgan audit tekshiruvlari xolis o‘tkazilganligi, tekshiruvga tanlab olingan ob’yektlar to‘g‘ri tanlanganligi, tekshiruv davomida xodimlarga hech qanday bosim o‘tkazilmaganligi kabi holatlar sifat nazoratchilari tomonidan kuzatib boriladi. Ma’lumotlarga e’tibor qilsak 2023-yil yanvar-noyabr oylari davomida bank tomonidan aniqlangan holatlar tufayli bankning 282 nafar xodimiga tegishli intizomiy jazo choralari ko‘rilgan.
– Korrupsiyaga qarshi kurashishda alohida ahamiyat kasb etadigan «muvofiqlik tizimi» (komplayens) tushunchasi milliy qonunchiligimizdagi bir qator hujjatlarda aks etgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunida ilk marta davlat xizmatchilarining korrupsiya holatlari haqida xabar berish majburiyati belgilangan, – deydi Ichki nazorat va komplayens departamenti komplayens boshqarma boshlig‘i Bekzod Rayimov. – Unga ko‘ra, davlat organlarining xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga doir barcha holatlar to‘g‘risida, shuningdek, davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shartligi belgilandi.
Tadbir so‘ngida soha xodimlari Moliya instituti talabalarini qiziqtirgan savollarga ham javob berishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter