Yangiyo‘lda qo‘yib yuborilgan kobra ilonlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangiyo‘l tumani «Tuyabo‘g‘iz» MFY hududida ilonlar qo‘yib yuborilgan» mazmunidagi xabar Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganildi va quyidagilar ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 oktyabr kuni Yangiyo‘l tumani «Tuyabo‘g‘iz» MFY hududida fuqaroning xonadonida saqlangan kobra ilonlarni qo‘yib yuborilganligi holati bo‘yicha tuman Ekologiya bo‘limi, tuman Ichki Ishlar bo‘limi, tuman Favquloda vaziyatlar bo‘limi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, tuman Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari hamda MFY raisi va faollardan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Aniqlanishicha, tumanning «Tuyabo‘g‘iz» MFY hududida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro N.Yu. o‘zi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq «Osiyo kobra» ilonlarini tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra, fuqaro N.Yu. xonadonida saqlanayotgan ilonlar ochiqqa qo‘yib yuborilgan. Bu holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, ikkita kobra iloni tutib o‘ldirilgan.
Hozirgi vaqtda ishchi guruh tomonidan shu yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlari olib borilmoqda.
Kobra boqqan shaxsga nisbatan IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv olib borilayotgani ma’lum qilinadi, deyiladi Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter