Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yiliga 500 ming dona BYD ishlab chiqariladi

O‘zbekistonda yiliga 500 ming dona BYD ishlab chiqariladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi «BYD Uzbekistan Factory» zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida hisobot bilan tanishdi.

Mazkur korxona shu yil 27 iyun kuni davlatimiz rahbari ishtirokida ishga tushirilgan edi. U BYD yengil avtomobillarini ishlab chiqaruvchi Xitoydan tashqaridagi ilk zavod bo‘ldi.

Bugungi kunda BYD yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar – elektromobillar va gibridlarni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha dunyoda yetakchi kompaniya hisoblanadi. U eng yaxshi texnologik baza, innovatsion yechimlar va sifat nazorati tizimlariga ega.

O‘zbekistonga bunday yirik kompaniyaning kirib kelishi, avvalo, mamlakatdagi jozibador investitsion muhit va siyosat, shuningdek, avtomobilsozlik sohasida muhandis kadrlar, ishlab chiqarish bazasi, xomashyo va logistika salohiyati borligi bilan bog‘liq.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi mazkur investitsiya loyihasining dastlabki natijalari va uni kengaytirishga qaratilgan rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

Qayd etilganidek, to‘liq ishlab chiqarish jaryonini ishga tushirish doirasida O‘zbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa ko‘plab komponentlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil o‘tkazildi.  

Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ularning turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan zamonaviy standartlashtirish tizimi sinovlarini o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirildi.

Shuningdek, zamonaviy texnologiya va standartlarni nafaqat ishlab chiqarish, balki savdo, servis va kafolat yo‘nalishlarida ham tatbiq etish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu sifatsiz mahsulot chiqarilishining oldini oladi hamda avtotransportga yuqori sifatli servis va kafolatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

BYD bilan hamkorlik mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ham o‘z ichiga oladi. Jizzaxdagi «BYD Uzbekistan Factory» kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Jizzax politexnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha muhandislik o‘quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Taqdimotda ishlab chiqarish hajmini belgilangan ko‘rsatkichlarga yetkazish hamda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari «BYD Uzbekistan Factory» qo‘shma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring