Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Militsiya xodimlari fuqaroni urib, qovurg‘asini sindirishdi. So‘ng...

Militsiya xodimlari fuqaroni urib, qovurg‘asini sindirishdi. So‘ng...

QAHRAMON. Sahobiddin Zayniddinov (1975 y.t.) asli jizzaxlik, kasbi — chilangar, besh farzandning otasi. Tirikchilik vajhidan kuni Bo‘stonliq tumanida (Toshkent viloyati) o‘tadi. Bir muddat Rossiyada mardikorchilik qildi. Ishi yomon emasdiyu, ammo bir etak bolani tashlab, sovuq o‘lkada yuravergisi kelmadi. Bo‘stonliqqa qaytdi.

O‘z yurtida qanday balolarga giriftor etilishini qaydan bilsin, boyoqish.

GUMON. Ittifoqo, 2016-yilning sentyabr oyi oxirlarida u va u bilan Rossiyada birga ishlab kelgan yigitlar Bo‘stonliq tumani IIB xodimlarining «qiziqish doirasiga» tushdiki, natijada... 15 sutkaga qamaldi?! Albatta, qonunlarimizda «Rossiyada ishlab kelganlik uchun» jazo nazarda tutilmagan. Tezkor xodimlarda yigitlar Rossiyada nimalar bilan band bo‘lishgani, qandaydir oqim-poqimga qo‘shilib ketmaganmi, degan gumon ustuvor edi. Bunaqa gumonlarga «odamga o‘xshab» suhbatlashish orqali aniqlik kiritish qiyinday go‘yo:  yaxshisi — «15 sutka»! Bu muddat davomida «ichkarida» shunaqangi «qaynoq qabullar uyushtiriladi»ki, aybi bori mayli, hatto aybsizlar ham jinoyatchiga aylanmasligiga kafolat yo‘q. Irodasi bo‘shroqlar-ku, qo‘yib bersa, «malika Diananing qotili menman!»  devorishi mumkin... Shu bois avvaliga «15 sutka»ga loyiq ayb topish «chorasi» ko‘riladi, jin ursin!

«AN’ANA». Birovni ma’muriy huquqbuzarlikda ayblab, 10-15 sutkaga «kestirvorish» ayrim IIB xodimlariga ish bo‘ptimi? Ilgari «bo‘lajak» ma’muriy huquqbuzarga nisbatan ichki ishlar xodimlariga «beg‘araz yordam beruvchi» kimsalarga ariza yozdirilar edi: falonchi meni haqoratladi (yoki tegajoqlik qildi), degan mazmunda. Shuning o‘zi falonchini «ichkariga» kirib ketishi uchun yetib-ortardi-da. Bunday uslub ancha eskirdimi yoki «beg‘araz yordam beruvchi» kimsalarning qovun tushiraverishidan zada bo‘lishganmi, ishqilib, keyingi paytlarda «hasharchi»ning keragi bo‘lmay qolgandek. IIB xodimlarining o‘zlari eplashyapti. Qanday? Oddiy va oson: «falonchi qonuniy talablarimizga bo‘ysunmadi», deya oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketishyapti.  Ya’niki, jabrlanuvchi ham, guvoh ham, «fosh etuvchi» ham o‘zlari, shoir lafzidan aytilsak: «o‘rtada begona yo‘q»! Ma’muriy sudning «tushungan» sudyalari omon bo‘lsin: go‘yoki ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan sho‘rliklarga oid «delo»larni ko‘pam mijib o‘tirmaydi, shartta muddat bervorishadi...

«AYBLOV»: emishki, S. Zayniddinov 2016-yilning 21-sentyabr kuni, «Tozalash» tadbiri o‘tkazilayotgan paytda, G‘azalkentning Markaziy shifoxonasida yonida, tuman IIB  profilaktika inspektori F.Gulmetovning shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsating, degan talabiga bo‘ysunmasdan, jamoat joyida, fuqarolar ko‘z oldida uni so‘kib, haqoratlab tashlabdi!.. Bunga uning hamkasbi (!) K. Radjabov  guvoh emish. Vassalom. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining sudya B. Qorayev «voqelik fuqarolar ko‘z oldida bo‘ldi, deyapsan, qani, yana birorta guvoh bormi?» deya so‘rab ham o‘tirmagani-chi?!

SAHOBIDDIN: «... bizni «uchastkavoy punkti»ga olib kelishgach, ichki ishlar xodimlari bularga qanday ayblov yopishtirsak, deya ancha bosh qotirishdi. So‘ng: «senga bunaqa ayblov, senga bunaqasi», deb qog‘oz qoralashga tushishdi. Kech soat to‘qqizlarda bizni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga olib borishdi. Tashrifimiz sudya B.Qorayevga yoqmadi chog‘i, militsiya xodimlariga  qarab, ish vaqti allaqachon tugagan-ku, endi olib keldilaringmi, dedi norozi ohangda. Shu payt kimdir sudyani tashqariga chaqirdi. Qaytib kelgach, B.Qorayev tik turgan holda hammamizga bir-bir qarab, senga 15 sutka, sengayam shuncha, dediyu chiqib ketdi. Na bizni so‘roq qildi, na militsiya xodimlari yumaloq-yostiq qilib kelgan «ishni» qo‘liga oldi... Shu tariqa «srok» olib ketaverdik...».

SAODAT. Nihoyat, jazo «o‘talib», ozodlikka chiqdilar. Bu muddat davomida Sahobiddin Zayniddinov va boshqalarning jinoyatchi, jinoyatchi bo‘lgandayam qandaydir oqim-poqimga a’zo bo‘lmay chiqqanining o‘zi katta saodat edi. Yo‘qsa, tezkor xodimlar ozmuncha riyozat chekishdimi?! Yo‘q,  o‘xshamadi: yigitlar  temir ekanmi, kim bilsin,  jismoniy-ruhiy azoblar kor qilmadi baribir... Qo‘yib yubordilar. Qo‘yib yuborishdan avval «hech kim bizga ruhiy va jismoniy azob bermadi» mazmunida «tilxat» yozdirvolishni unutmadilar.... Boshqalar «qutulganiga shukr qilib» yurishibdi hozirgacha. S.Zaydiniddinovning «shukr» qilgisi yo‘q. Jondan o‘tib ketdi-da: «ichkari»da bir emas, ikkita qovurg‘asi sindi, axir?! Bunaqa bedodlikni shundog‘icha qoldirib bo‘ladimi?

SANSALORLIK. Bedodlikni «shudog‘icha qoldirmaslik»  aytishgagina oson ekan. Birgina rentgentga tushib, jarohat darajasini  bilishning o‘ziga ozmuncha sarson bo‘ldimi? Do‘xtirxonaga boradi, nima bo‘lganini aytib, rentgenga tushaman desa, ayrim do‘xtirlar o‘zini orqaga tashlayveradi deng?! Qarasaki, ish bitmaydigan, ilojsiz do‘xtir huzurida aytadigan gaplariga «tuzatish kiritdi»: «militsiya xodimlari urib...»ni «tasodifan yiqilib...»ga o‘zgartirdi. Shundan keyin shifokorlar harakatga tushdi, tekshirishdi, xulosa: «...ikkita qovurg‘ang sinibdi-ku, ukam?..».

YaNA SANSALORLIK. Rentgen  shahodatini olgach, yozishga tushdi. Yozaverdi, yozaverdi... Kimlarning ostonasiga bosh urmadi o‘ziyam: tuman prokuroridan to sayyor qabul o‘tkazayotgan Prezident maslahatchisi huzurigacha bordi. Prezident maslahatchisi qabulidan keyingina ishlar siljidi. Natijaki, Bo‘stonliq tuman prokurori  IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi! Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan sanaga e’tibor berilsa (2018-yil 18-yanvar!), bungacha S. Zayniddinov  naq 16 oy sarson-sargardon bo‘lgani oydinlashadi (qahramonimiz 2016-yilning sentyabr oyi oxirgi o‘n kunligida «15 sutka»ga ketgani yodingizdan ko‘tarilmadimi?).  Sabr-u matonatiga qoyilmisiz? Bu hali hammasi emas.

«O‘YIN, O‘YIN...». Ayrim sud xodimlari pensiyaga chiqqach, birorta raqs dastasida baletmeysterlik qilsayam bo‘laveradi, shekilli. Bilasiz, baletmeysterning ishi «o‘ynatish»!. Ular sahnani gir aylantirib raqqosalarni o‘ynatsa, ayrim sud xodimlari S.Zayniddinovni Bo‘stonliq — Toshkent yo‘nalishida rosa «o‘ynatishdi». Sud qarorini bermay! Bahonalari serobligini ayting: tuman sudida: «delo» viloyatda, qarorni o‘sha yerdan olasiz» deyishsa, viloyatdagilar: «yo‘-o‘q, «delo» tumanda, o‘shalarga uchrang», deydi. Shu bahona bilan fuqaroni kamida besh olti-marta «o‘ynatsa» bo‘larkan. So‘ng boshqacharoq, biroz ishonsa bo‘ladiganroq bahona topiladi: «...siz 15 sutkaga kesilgan paytda ma’muriy ishlarniyam jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ko‘rardi. Endi vaziyat boshqacha: ma’muriy ishlarni ko‘ruvchi alohida sudlar ko‘rmoqda. Yangi sudning hatto binosiyam yo‘q.... O‘rnashib olgunimizcha biroz sabr qilasiz-da endi».  Bunaqa  jo‘yali bahonalar  turganda  «erta keling-indin keling», «sudya yo‘q edi», «kotibning mazasi qochib, ishga chiqmayapti» kabi mayda bahonachalarga urg‘u berish shartmi?! Xullas, S.Zayniddinov jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining  2016-yil 21-sentyabrdagi ma’muriy jazo tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga nisbatan shikoyat berganida  2018-yil (!) iyun oyining birinchi o‘n kunligi poyoniga yetib bo‘lgandi.

TURSUNOV. Toshkent viloyat ma’muriy sudi sudyasi U.Tursunovga rahmat aytmaslik insofdan emas. «Delo»ni bir varaqlashdayoq ayblov «qo‘lbola» ekanini tushundi, ishdagi hujjatlar «huquqbuzar» S.Zayniddinovning aybini tan olish haqidagi «iqrori» IIB xodimlarining ta’ziyqi ostida yozilganiga dalolat qilayotganini ochiq-oydin e’tirof etdi. Natijada, Bo‘stonliq tuman sudi qarorini bekor qilib, qahramonimizga nisbatan yuritilgan ma’muriy ishni harakatdan tugatish haqida alohida qaror chiqardi. Bu Sahobiddin Zayniddinov aybsiz deb topilib, oqlanganini anglatadi. Shuningdek, tuman IIB xodimlariga nisbatan xususiy ajrim chiqarganini ham alohida e’tirof etish joiz... Gap yo‘q, otasiga rahmat sudya Tursunovning!

INTIHO. Bo‘stonliq tuman IIB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, S.Zayniddinov 15 sutka «o‘tirib» chiqishiga sabab bo‘lgan ayblovlari g‘irt yolg‘on ekani fosh etilishi hammasi ijobiy yakunlanib,  qahramonimiz murodu maqsadiga yetganini anglatmaydi. «Murodu maqsadlar»ga faqat ertaklardagina yetiladi, chog‘i... Negaki, shu yilning boshida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga  sakkiz oy (!) «kinna solingach», harakatdan tugatildi: jinoiy hodisa yuz bermagan ekan go‘yo (JPK 83-modda, 1-qism)?!

SAVOL: xo‘sh, unda jinoyat ishi havodan olib qo‘zg‘atilgandimi? S.Zayniddinovning qovurg‘asini kim va qayerda sindiribdi unda? Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi bir tiyinmi? Ekspertning «jarohat qattiq to‘mtoq jism orqali yetkazilgani» haqida bergan shahodati bo‘htonmi yo? Ajab, IIB xodimlari fuqaroga yo‘q aybni tirkasa, hech kim bundan fojea yasamaydi, aksincha, «qo‘lbola delo»lari suddan o‘tib, sho‘rlikning boshiga itning kuni solinadi. IIB xodimlarining  tuhmatdan iborat ayblovlari fosh etilib, hatto fuqaroni urib, qovurg‘asini sindirgani aniqlansa-da, jilla qursa, ularning burniga chertib qo‘yishga mutasaddilar hecham shoshilmaydi, shoshilmaydi-da. Nima, qonun  qora xalq uchunmi?

NATIJA. Ikki yillik yugur-yugur, chop-chop, yoz-yozlarning muxtasar bayoni shu. Ayni kunlarda Bo‘stonliq tumanining yo‘q joydan «ayb topishga usta» IIB xodimlari ham, ularga topshiriq bergan «kattakon» ham o‘z joyida ishlab yuribdi. Sahobiddin Zayniddinovning shikoyatbozligi sabab sal-pal asab buzilganini aytmaganda, hammasi joyida! Ularning suvdan quruq chiqqaniga qaraganda erta-bir kun ko‘tarilib ketishi ehtimoli ham borday... Qahramonimiz esa bir etak bolasidan uch-to‘rt so‘m orttirsa, advokat yollab, ishini kelgan joyida davom ettirmoq niyatida... Qachon yakuniga yetishi mumkin? Kim biladi, deysiz. Nima, yana Prezident maslahatchisi qabuliga borish kerakmi?Maslahatchining «Sahobiddin qachon kelar ekan?» deya kutib o‘tirishidan boshqa tashvishi yo‘qmi?Qayoqda, tiqilib yotibdi...

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети