Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Bosh prokuraturada bir kun: Mahkamaning «darchasi»dan emas, «ichkarisi»dan bir nazar (birinchi qism)

Bosh prokuraturada bir kun: Mahkamaning «darchasi»dan emas, «ichkarisi»dan bir nazar (birinchi qism)

Foto: «Xabar.uz»

...Kutmaganimiz rost, ammo amalda aksi bo‘ldi: Bosh prokuratura taklifimizga ijobiy javob qaytardi!

Nega kutmagandik?

Yillar davomida shunday tasavvur shakllangandiki, Bosh prokuratura misoli «zirhli qo‘rg‘on», uning faoliyatini ichidan kuzatish imkoniyati tushga ham kirmasa kerak.

Tan olmaslik insofdan bo‘lmas: keyingi ikki yilda ayni mahkama boshqa davlat organlariga qaraganda ancha ochiqlikka yuz tutdi. Buning uchun ancha-muncha e’tiroflarga sazovor bo‘layotgani ham bor gap. Biroq bu ochiqlik quvvati jurnalistlar uchun eshikni keng ochib berishga yetmasa kerak, degan ishtiboh ustuvor edi baribir.

Shunga qaramay, Bosh prokuraturaga taklif kiritdik: mahkama faoliyati bilan bevosita tanishsak, ish jarayonining guvohiga aylanib, xodimlar bilan suhbatlashsak, xullas, tizim faoliyatidagi ochiqlik, shaffoflikni faqat Matbuot xizmati «darchasi»dan emas,  «ichkaridan» ko‘rsak-bilsak...

Taklif loyiha shaklida bo‘lib, «Bosh prokuraturada bir kun» nomi berilgandi.

Javob ko‘p kuttirmadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova rahbariyat taklifni mamnuniyat bilan qabul qilganini yetkazdi. So‘ng beozor ohangda qo‘shimcha qildi: oson bo‘lmaydi lekin, ishxonamizda bir kun emas, bir sutka qolib ketishingiz ehtimoli katta. «Cho‘chityapsizmi hozirdan?». «Kelganda bilasiz...».

Kecha keldik, bildik: ogohlantirish bejiz emas ekan.

Qisqasi, kecha ikki jurnalistning (kamina va «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov) kuni Bosh prokuraturada o‘tdi (ertalab soat to‘qqizdan to soat 23:30 gacha!). Mahakama binosidan chiqqanimizda ichkarida ish hamon «qaynab yotgan» edi.

...Ishni Matbuot xizmati faoliyati bilan tanishishdan boshlab, so‘ng Bosh prokuror qabulxonasiga ko‘tarildik. Qabulxona ish jarayoni qanday tashkil etilishidan voqif bo‘lgach, har bir boshqarma eshigini taqqillatdik. Bu orada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorning koreyalik hamkasbi bilan bo‘lgan uchrashuvi ishtirokchisiga aylandik ham. Qo‘limizda «tashrif jadvali» yo‘q emasdi, biroq «nemischa hisob-kitob» bizgamas chog‘i... Ayniqsa, Kadrlar, O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmalari boshliqlari bilan bo‘lgan suhbatlar yaxshigina «qo‘r yeb», vaqt o‘tgani bilinmadi-da. Tergov boshqarmasi faoliyatining o‘ziga yarasha sir-sinoati, ochiqlash mumkin bo‘lmagan qirralari bor, nahot, shu tuzilmaga bosh suqishga izn berildi, deya hayron bo‘lmang. Mazkur tuzilma mutasaddilari bilan qonunan ochiqlash mumkin bo‘lgan jinoyatlar, ularning tergovi bilan bog‘liq ayrim holatlar xususida muloqot qilindi, o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etishga doir savollarga javob oldik. Alohida ta’kidlash kerak, qo‘limizdagi «jadval» — mezbonlarning chizgan chizig‘iyu undan chiqishimiz mumkin emasligini anglatuvchi «qo‘llanma» emas, balki kun tartibimizning taxminiy chizgisi edi, xolos. Kun tartibisiz ishlab bo‘lmaydi, axir?! Yo‘qsa, iltimosimizga ko‘ra, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari o‘tkazayotgan tezkor yig‘ilishga qo‘yilarmidik? Tezkor yig‘ilish jinoyatlarni fosh etish yuzasidan ediki, tor doirada o‘tkaziladigan bunday muhokamada jurnalistlarning qatnashishiga yo‘l bo‘lsin... Biroq biz qatnashdik: tafsilotlarni yozish shart emas, albatta. «Tergov siri» degan alohida me’yor bor qonunda. Ammo tezkor yig‘ilishning umumiy manzarasi haqida ikki og‘iz gapirish mumkin va bu haqda o‘rni kelganda to‘xtalamiz, nasib...

Kechagi kunning eng kulminatsion nuqtasi Bosh prokuror bilan shaxsan ko‘rishib, suhbatda bo‘ldik. Mahkama rahbari kun tartibi o‘ta zichligi sabab yarim soat vaqt ajratgani aytilgandi. Biroq muloqot bir soatdan ko‘proq davom etdi.

Nimalar haqida gaplashdik?

Muxtasar aytsak, lavozimi o‘zgarishi bilan bog‘liq gap-so‘zlarga munosabati, tizimning eng og‘riqli nuqtalari, kadrlar bilan bog‘liq muammolar va boshqa o‘zimizni qiziqtirgan savollarga ochiq-oshkora javob oldikki, ayni suhbat tafsiloti navbatini kutib turibdi.

...Mahkama faoliyati bilan ichkaridan tanishib, shu darajada ko‘p ma’lumotga ega bo‘lib, tasavvurlar kengaydiki, ularni bitta maqolaga jam qilishning iloji yo‘q.

Asosiy voqeliklar bayoni hali oldinda.

Yozmishimizning ilk qismiga nuqta qo‘yish avvalida bitta omonat gapni aytishimiz shart. Ushbu loyihadan pirovard maqsadimizni yuqorida aytdik. Endi bu borada Surayyo Rahmonovani eshiting: «...mazkur loyiha vositasida o‘zimizga e’tiborni tortmoqchi yoki idoramizning jamiyatdagi o‘rni nihoyatda katta demoqchi emasmiz. Zimmamizga yuklatilgan vazifani sifatli ado qilishga harakat qilyapmiz, xolos. Agar shu faoliyatimizni «ichkari»dan xolis kuzatishni xohlagan ekansiz, marhamat — bunga imkoniyat yaratdik, boshqacha talqinga o‘rin bo‘lmasligi kerak

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети