«Oq atirgullar» fanatizmi… Millionlab yoshlarni aqldan ozdirgan Yuriy Shatunov (video)
80-yillar oxirlarida sobiq ittifoq mamlakatlari fuqarolarining har beshinchisida, ya’ni millionlab yoshlarda «Oq atirgullar» fanatizmi avj oladi.
O‘shanda birgina qo‘shiq sabab, yosh qizlar aqldan ozar, hatto o‘z joniga qasd qilar edi. Yuriy Shatunov — kechagina uning o‘zi bolalar uyida o‘zgalar e’tiboriga muhtoj o‘sgan bo‘lsa, endi lahza uning e’tibori uchun muxlislar hamma narsaga tayyor edi.
Sahnada «Laskoviy may», deyishlari bilan, go‘yoki nafas olishlar, yuraklar zarblari bir on tutilib: butun ong, shu lahzalar uchun muallaq turib qolar, butun idrok faqat o‘sha ohanglarga ohanrabo bo‘lardi.
Buyog‘i esa sobiq ittifoq tuzumi. Go‘yo soat millari kabi aniq va real hayot tarzi. GOST tartibidagi idoralar nazoratidagi qoliplangan, qat’iy tizim. O‘shanda go‘yo sovuq muz qoplagan bu borliqda, Shatunov qo‘shiqlari o‘ziga xos «portlash» hosil qila olgandi. Hech kim anglolmagan g‘ayritabiiy uslubda kuylangan qo‘shiqlar, go‘yo muz qaridan ungan maysadek, iliq, yoqimli, latif va jozibali edi. Uning o‘zi esa ertaklardagi shahzodalar kabi erkatoy, sevimli bo‘lib, barchani sehrlab olgandi.
Aslida o‘sha ertak ibtidosi, 1973-yili Rossiyaning olis qishlog‘ida jajji Yuriyning dunyoga kelishi bilan boshlangan edi. Mittigina qahramonimiz katta hayotda, sinovlar ostida qoladi. Onasidan erta ayriladi, og‘ir judolikdan so‘ng biroz buvisining qaramog‘ida yashaydi. Keyin bolalar uyiga ko‘chib o‘tadi. Bu majburiy ko‘chishlar orqali taqdir uni qalin o‘rmonlar va daraxtlar soya solgan o‘lkalarga eltsa-da, u hech qachon soyada qolishni istamas edi. U doim taqdir soyalaridan qochar, tolening in’omi yalt etgan ilinj ham unga katta najotdek edi. Hayot ertagi unga sinovlar berib, og‘ir lahzalarda sinasa-da, kichik vujudiga katta iste’dod va mo‘’jizakor sehr jo etgan edi.
Bolalar uyining xiragina oynasidan termilib, ma’yus kuylaydigan bolakay, bir kun kelib o‘z qo‘shiqlarini butun yer sayyorasi bo‘ylab tinglashlarini orzu etar, albatta u o‘z ertagida buning amalga oshishiga ishonar edi.
1986 yilda yosh Yura Orenburgdagi maktab internatida, o‘z iste’dodini namoyon bo‘lishida katta sababchi bo‘lgan Sergey Kuznetsov bilan uchrashadi. Shu asnoda tarixiy ijodiy hamkorlik boshlanadi. O‘sha maktabning mo‘’jaz xonasida sehrli ijod mashinasi ishga tushib, «Laskoviy may» guruhiga asos solinadi va dastlabki shedevrlar, oddiy havaskor studiyada yoziladi. «Ko‘hna o‘rmon», «Oq atirgullar», «Yoz», «Kulrang tun»...
1986 yil. Qish kunlarining birida Orenburg temir-yo‘l stansiyasida yangi qo‘shiq jaranglaydi. Yoqimli ovoz, yangicha akkordlar ilk ritmlardanoq barchani asir etadi. Kassetalar esa soatlar ichida talash bo‘lib ketadi va ertasigayoq bu qo‘shiq ijrochisi shaharning yulduziga aylanadi. Tez orada uning qo‘shiqlari butun Rossiya bo‘ylab, ommalasha boshlaydi.
Shu tarzda ancha tanilib qolgan guruh «Oq atirgullar» albomini 1988 yilda, Moskvadagi professional studiyada yozadi va shu yilning o‘zidayoq katta gastrol safarini boshlaydi. O‘shanda millionlab yoshlar uni o‘ylar, u bilan birga ko‘ylar, raqsga tushar, tunlarini bedor o‘tkazar, go‘yo barchaning ongida Yuriy Shatunov edi. U esa hali maktab yoshidagi o‘smir bola edi.
Aytishlaricha, o‘sha paytlar sobiq ittifoq davlatlarida uchta narsaga navbat bor edi: Issiq nonga, yangi sutga va «Laskoviy may» audio kassetalariga. Demak, Shatunov kuylagan qo‘shiqlar, eng zarur hayotiy vositalar qatorida edi. Yura esa shu tarzda o‘z ertagidagi farishtalar qanotida yuksaklarga parvoz etardi.
Shu asnoda ijodiy yuksalishlar, mashhurlikning cho‘qqilari davom etadi, qahramonimiz 1996 yildan boshlab, ijodini Germaniyada davom ettiradi. Biroz ijodiy chekinishdan so‘ng 2004 yilda «Qo‘rqma» nomli qo‘shig‘i va albomi bilan yana muxlislarini larzaga soladi.
2009 yilda u haqdagi film suratga olinadi. 2015 yilda esa qahramonimiz Rossiya shou biznesiga qo‘shgan hissasi uchun «Saundtrek» mukofotiga sazovor bo‘ladi. U shu tarzda sog‘ingan muxlislarini o‘ziga xos hadyalar bilan siylab turardi.
2022 yilda esa yangi albom taqdimoti va muxlislar uchun katta konsert dasturlarini taqdim etadi. Uni sog‘inganlar, uni sevadiganlar Yura kuylagan qo‘shiqlardan va yoshlik tarannumlaridan doim taskin topardi. Uning ko‘pchilik tomonidan yoshlik timsoli deb e’tirof etilishi, beg‘ubor navqironlikni mangu o‘zida va qo‘shiqlarida saqlab qolganidadir. U 90-yillar avlodlariga ana shunday cheksiz eyforiya damlarini ulashgan edi. U yoshlik, muhabbat, birinchi dil izhori, ilk uchrashuv kabi oniy lahzalar nafasi va timsoli edi. Yuriy yaratgan shedevrlar inson ongiga bir zum bo‘lsa-da, borliqning sirli in’omini hadya etgan edi.
2022 yil 23 iyun. Bevaqt o‘lim yoshlik va beg‘uborlik, sevgi timsoli bo‘lgan beqiyos iste’dod sohibini 49 yoshida hayotdan olib ketadi.
Qahramonimiz o‘z intervyularida muhabbat va hayot haqidagi ko‘p savollarga, 50 yoshimdan keyin javob beraman, derdi. Afsus bu savollar endi mangu javobsiz qolib ketdi.
Go‘yo u o‘zi bilan, o‘sha o‘rta yoshlilar ko‘nglidagi navqironlik taskini va umidini ham olib ketgandek... Ammo umr ertagi nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, uning qo‘shiqlari qalbimizda barhayot yashab qolaveradi.
Yuriy Shatunov umr bo‘yi kuylagan oq atirgullar esa, toabad u bilan. Garchi uning qabri poyida bo‘lsa ham.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter