Tojikiston va Afg‘onistonda bo‘layotgan zilzilalar O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?
Bir necha kun oldin Pokiston, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasida 6,6 balli zilzila kuzatildi. Oradan bir kun o‘tib esa Tojikistonda 6 balli yer silkinishi sodir bo‘ldi. Qo‘shni mamlakatlarda ro‘y bergan zilzilalar O‘zbekistonga ham yaxshigina sezildi. Xo‘sh, qo‘shni davlatlarda bo‘layotgan yer qimirlashlari O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi? Zilzila epitsentri O‘zbekistonga ko‘chishi ham mumkinmi? «Xabar.uz» shu savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri, fizika matematika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodimi Ulfat Nurmatov bilan suhbatlashdi.
– Yaqinda Pokiston, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasida 6,6 magnitudali zilzila kuzatildi. Keyin Tojikistonda 6 balli zilzila qayd etildi. Yer silkinishlari O‘zbekistonda ham yaxshigina sezildi. Biz ushbu seysmik faol hududlarga qanchalik bog‘liqmiz?
– Markaziy Osiyo yagona geografik hudud hisoblanadi. Bu mintaqada ro‘y berayotgan geografik jarayon mintaqaning boshqa hududlariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Lekin har bir hududda zilzila sodir bo‘lib turadigan faol yerlar mavjud. Afg‘oniston va Tojikiston chegara hududidan Tyan Shan tog‘ tizmasi bilan Pomir tog‘ tizmasining o‘zaro to‘qnashgan hududi o‘tgan. Shu joy Markaziy Osiyodagi eng kuchli seysmik hudud hisoblanadi. Asosan 7 balldan yuqori bo‘lgan zilzilalar shu yerda sodir bo‘ladi. 1902 yilda 8,2 magnitudali Qashg‘ar zilzilasi bo‘lgan. Shundan beri Markaziy Osiyoda bunday kuchli zilzila kuzatilmagan. Endi shu hududdan shimolroqda ham bir nechta zilzila o‘choqlari bor. Ularning ham o‘ziga yarasha seysmik potensialli mavjud bo‘lib, borgan sari seysmik potensial pasayib boradi. O‘zbekiston hududida asosan pastroq magnitudali yer silkinishlari sodir bo‘ladi.
Mintaqada bo‘layotgan seysmologik jarayonlar bizni hududimizga ham ta’sirini o‘tkazadi. Qanday o‘tkazishi mumkin? Misol uchun, qayerdadir ketayotgan jarayon tezlashadi yoki sekinlashadi. Agar ikki hududdagi harakat yo‘nalishlari bir-biriga teskari kelsa, harakatni sekinlashtiradi yoki harakatni kuchaytiradi. Lekin har bir hududda zilzila tabiiy ravishda pishib yetiladi. Yer silkinishi pishib yetilishi uchun uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Qancha kuchli zilzila bo‘lsa, uning pishib yetilish shunchalik uzoq vaqt talab etadi. Kuchsiz yer silkinishlari juda tez tayyor bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga qarasak, Markaziy Osiyoda 6 balldan yuqori bo‘lgan zilzilalarni barmoq bilan sanash mumkin. Ammo 6 balldan pastroq bo‘lgan zilzilalar esa juda ko‘p. Zilzilaning qancha kuchi kam bo‘lsa, uni soni ham ko‘p bo‘ladi.
– So‘nggi kunlarda qo‘shni davlatlarda seysmik faollik juda oshib ketdi. Zilzila epitsentri O‘zbekistonga ko‘chishi ham mumkinmi?
– Yo‘q, bunday migratsiya jarayoni bo‘lmaydi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, O‘zbekiston hududida ketayotgan jarayonlarga qo‘shni davlatlarda sodir bo‘lgan yer silkinishi ma’lum ma’noda ta’siri qilishi mumkin. Tasavvur qiling, bir nechta o‘choqda zilzila tabiiy ravishda pishib yetilmoqda. Yon atrofda sodir bo‘lgan yer silkinishi pishib yetilib turgan zilzilani yuzaga kelishiga turtki beradi.
– Ehtimoliy zilzilalar qanday prognoz qilinadi?
Prognozni ikki xil tushunish kerak. Birinchi yo‘nalishda jarayon prognoz qilinadi. Seysmologik jarayon uzoq vaqt talab etadi. Buni yuzaga chiqaradigan bir nechta parametrlar bor. Seysmologik jarayonlarning faollashadigan davri mavjud. Ma’lum bir hududning seysmologik imkoniyatlari bo‘lib, bu 20, 25, 50 yilni o‘z ichiga oladi. Misol uchun, Markaziy Osiyo hududi faollik davriga kirdi, deyish mumkin. XX asrning boshlanish davrida butun Markaziy Osiyo hududi faol bo‘lgan. O‘sha vaqtda 7 balldan yuqori bo‘lgan zilzilalar hatto, 8,2 balli yer silkinishi sodir bo‘lgan. Undan keyin asta-sekin sokinlik davri boshlandi. 1940-1950 yillarda va 1970-1980 yillarda yana bir faollik davri yuzaga keldi.
Prognoz bu – ba’zi darakchilar orqali bir zilzilani aniq joyi va vaqtini aytib berish. Bu muammoning eng og‘riqli nuqtasi hisoblanadi. Bir nechta darakchilar bor. Ular doim monitoring qilib boriladi. Agar ular yuzaga chiqsa, parametrlarga qarab, qaysi hududda va qaysi vaqtda zilzila sodir bo‘lishini aytish mumkin.
– Olimlarning fikricha, dunyo yangi seysmik tebranishlar davriga kirib kelmoqda va bu seysmik aktiv hududlarda kuchli zilzilalarni keltirib chiqarar ekan...
– Osiyo seysmik kamari doirasida qarasak, ma’lum bir darajada faollashish davri boshlandi. Lekin yer shari doirasida qarasak, aksincha, faollashish davridan asta-sekin susayish davri boshlandi.
– Umuman zilzilalarning bu darajada ko‘p sodir bo‘lishiga nima sabab bo‘lmoqda? Ularning vujudga kelishida inson omili ham rol o‘ynashi mumkinmi?
– Kosmik jarayonlar butun yer shariga ta’sir qiladi. Misol uchun, quyosh faolligi yoki yerning o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligining o‘zgarishi. Bu omillari ma’lum darajada seysmologik jarayonga ta’sir qiladi. Bu insonga bog‘liq emas. Suv omborlarining qurilishi, gaz va neft quduqlarini bo‘shab qolishi kuchli zilzilani keltirib chiqarmaydi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter