Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Stalinning tantiq qizi yoxud xorlikka mahkum etilgan malikalar qismati (1-qism)

Stalinning tantiq qizi yoxud xorlikka mahkum etilgan malikalar qismati (1-qism)

Tarix bizga o‘tmishdagi xatolarni oyna kabi tutib, undan kerakli xulosalar chiqarishimiz zarurligini uqtiradi! Biroq biz ko‘pincha bunga rioya qilmaymiz. Unutamiz hammasini. Buni qarangki, inson so‘zining arabchadagi ma’nosi ham «unutuvchi» ekan. Balki unutuvchi ekanligimiz bizga pand berayotgandir?

Ushbu maqolada otasi davlat rahbari bo‘lganda mamlakatning birinchi raqamli malikasiga aylanib, otasi taxtdan tushgach xorlikka mahkum etilgan arzanda qizlar qismati haqida so‘zlaymiz.

Hokimiyati qon bilan sug‘orilgan Sovet ittifoqi degan davlatning tamaltoshi qo‘yilayotganda hukumat boshlig‘i, xalq komissarlar kengashining raisi Vladimir Lenin edi. Xalqimizda «baliq boshdan sasiydi» degan maqol bor. Lenin boshliq bolsheviklar aslida ko‘zi och, buzuq va insoniylikdan ancha yiroq bo‘lgan.

Aynan Lenin va Stalinning buyrug‘i bilan imperator Nikolay II va uning oila a’zolari otib tashlandi. Shu tarzda yangi kommunist rahbarlar kechagi yo‘lboshchilarni tinchitib, o‘zlari yaratmoqchi bo‘lgan sotsializm va kommunizmning «nurli yo‘lini» tozaladilar.

Lenin va Stalin

Buzuqlik botqog‘iga botgan Lenin aynan shu botqoqlikdan o‘z ajalini topdi. U ayollarga  o‘chligi ortidan siflis kasalligini yuqtirib oldi.1922 yil dekabr oyida SSSR (Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi) davlati e’lon qilinganidan keyin, asta-sekin dohiy(Leninni shunday atashar edi)ning sog‘lig‘i yomonlashib bordi.

Shifokorlar Leninning sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarni 1918 yilda ungaqilingan suiqasd bilan bog‘lashdi. Lekin ayrimlar dohiyning tuzalmas dardga chalinishini uning eng sevimli shogirdi Stalin bilan bog‘lashadi. Ularning iddao qilishicha, Leninni aynan Stalin zaharlab, asfalasofilinga jo‘natgan.

1922 yilda hokimiyat jilovini o‘z qo‘liga olgan Stalin ustozi Leninni Moskva tashqarisidagi Gorkiy bog‘ida yashashga majbur etdi. Lenin vafotidan keyin Stalin qatag‘on kompaniyasini boshlab, o‘z raqiblarini birma-bir o‘yindan chiqarishga kirishdi. Inqilob, qatag‘on, kollektivlashtirish va ocharchilikdan 20 million insonning yostig‘i quridi.

Iosif Stalin 35 yil mobaynida Ittifoq xalqining ongu-shuuri, aql-zehniyatiga «payg‘ambar» sifatida singdirildi. Eng qizig‘i, qorni to‘yib-to‘ymay yurgan chalasavod odamlar ota-bobolarining qotilini ko‘klarga ko‘tarib ardoqlashardi.

Stalinning birinchi rafiqasi Yekaterina Semyonovna bo‘lib, u 1907 yilda tif kasalligidan vafot etgan edi. Stalin1918 yilda ikkinchi rafiqasi Nadejda Alliluyeva bilan turmush qurdi. Nadejdaning ruhiyatida bir qancha nuqsonlari bor edi. Chunki sog‘lom fikrlovchi, aql-hushi joyida bo‘lgan ayol bunday jallodga xotinlikka rozi bo‘lmasligi aniq. Stalinning o‘zi ham shizofreniyaga chalingan, paranoik ekanligi hech kimga sir bo‘lmasa kerak?!

Nadejda Alliluyeva Ittifoq rahbariga bir qiz, ikki o‘g‘il tug‘ib berdi. Lekin Nadejda jallod bilan uzoq vaqt bir yostiqqa bosh qo‘ya olmadi. Kremldagi ziyofatlarning birida erining boshqa ayollarga shilqimlik qilayotganini ko‘rgan Nadejda hammaning oldida Stalinning yuziga shart tuflab chiqib ketdi. Bu oshkora haqoratga chiday olmagan jallod shu kuni o‘z ayolini yostiq bilan bo‘g‘ib, jonini oldi.

Stalinning yagona qizi Svetlana mana shunday ruhiy azoblar iskanjasida, ona mehridan yiroqda o‘sib ulg‘aydi. U otasining erka va tantiq qiziga aylandi.

Stalin umrining so‘ngiga qadar o‘z joniga qilinadigan suiqasddan qo‘rqib yashadi. O‘nlab shifokorlarni o‘ziga suiqasd qilishda ayblab, qamoqqa tashladi. Alaloqibat, Sovet ittifoqi deb atalmish ulkan davlat rahbari veterinar qo‘lida jon taslim qildi.

Hokimiyat tizgini Nikita Xrushchyovga o‘tgach, u sobiq rahbarning qonga bo‘ktirilgan siyosatini qoralay boshladi. Kechagina hamma sig‘inib yurgan Stalinning qadri yer bilan bitta qilinib, buyuk qotil deya e’lon qilinishi Svetlananing ruhiyatiga og‘ir ta’sir qildi. Otasi vafot etishi bilan undan uyining kalitlari olib qo‘yildi. Xrushchyov sobiq rahbarning qizidan mamlakatdan tinchgina chiqib ketishini so‘radi. Balki kun kelib o‘zining qizi ham shu ko‘yga tushishini bilganida, Xrushchyov bunday qilmagan bo‘larmidi!? Bu haqda keyingi maqolada to‘xtalamiz.

Shohona hayot Svetlananing kelajakdagi turmushiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. U umri davomida bir emas, naqd besh marotaba turmushga chiqib, ajrashdi. Svetlana Alliluyeva dastlab Hindistonga, keyin Xitoyga, so‘ng AQShga ko‘chib o‘tdi. Amerikada unga katta e’tibor qaratishdi. Alliluyeva yozgan kitoblar katta tirajlarda nashr etildi. Buning ortidan u mo‘may pul ishlab oldi.

1970 yilda Stalinning qizi amerikalik arxitektor Uilyam Pitersga turmushga chiqdi. Bu nikoxdan so‘ng u AQSh fuqarosi Lana Pitersga aylandi. Bir yildan so‘ng Svetlana qiz farzandli bo‘ldi. 1973 yilda u beshinchi turmush o‘rtog‘i bilan ham ajrashdi.

Mixail Gorbachyovning oshkoralik va ochiqlik davrida Svetlana Sovet ittifoqiga qaytib keldi. U otasi tug‘ilgan Gruziya va Goriga safar qildi. Hatto shu yerda qolmoqchi ham edi. Biroq oshkoralik davrida Stalin amalga oshirgan qotilliklar pardasi ko‘tarilib, ko‘plab haqiqatlar yuzaga chiqdi. Ota-bobolari stalinizm qurboni bo‘lgan insonlarning munosabati Svetlanaga nisbatan tahdidli edi. Bir so‘z bilan aytganda, sovet jamiyati nazarida u haqiqiy olabo‘jiga aylandi.

Vijdon azobi uni tilkalay boshladi. O‘qrayib qarashlariga chiday olmagan jallodning qizi oxiri Amerikaga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. «Otasi qilsa zo‘rlik, bolasi ko‘rar xorlik», deganlari shu bo‘lsa kerak...

Svetlana Alliluyeva va Uilyam Piters qizining cho‘qintirish marosimida

AQShda Svetlana Alliluyevaga bo‘lgan qiziqish asta-sekin so‘na boshladi. 90-yillar boshida u Buyuk Britaniyadagi qariyalar uyida, keyinchalik, Shvetsiyadagi monastirda bir muddat yashadi. Svetlana umrining so‘nggi yillarini Viskonsin shtatidagi Richland shahri yaqinida joylashgan qariyalar o‘yida o‘tkazdi.

Svetlana Iosifovna Alliluyeva 2011 yil 22 noyabrda 86 yoshida AQShda vafot etdi. Uning vasiyatiga ko‘ra, jasadi kuydirildi va kul solingan quti o‘zining haqiqiy ism-sharifi bilan emas, Lana Peters nomi bilan dafn etildi. Balki Svetlana million-million insonlar qotilining nomi qabri ustida bo‘lishini istamagandir?

Светлана Аллилуева Биография Личная Жизнь Фото

Svetlana Alliluyevaning kenja qizi
Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети