Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston nimalarga kelishib oldi?

Joriy yilning 4-avgust kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tdi. Kun tartibiga ko‘plab masalalar, jumladan, Amudaryo suv havzasidan foydalanish masalasi kiritildi.

«Xabar.uz» ushbu mavzuda iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul va siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.

Ashxobodda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammit boshqa sammitlardan nimasi bilan farq qiladi? Kun tartibiga qaysi masalalar ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin?

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Avvalo, bu regional sammit. Bu yerda asosan 3 ta respublikani qiynayotgan muammolar muhokama qilindi. Birinchi muammo – Amudaryo havzasidan foydalanish. Ikkinchi muammo – energetika. Uchinchi muammo – logistika. Ayni shu masalalar O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga tegishli bo‘lgani uchun qolgan Markaziy Osiyoda davlatlari bu sammitga taklif qilinmagan.

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Bu umumiy loyihani kelishib olish uchun tashkil qilingan sammit, deb o‘ylayman. O‘zbekiston va Turkmaniston Fors ko‘rfaziga chiqish orqali Markaziy Osiyo uchun umumiy bir yo‘lak yaratish maqsadida arab davlatlari va Eron bilan bir necha bor uchrashib, gaplashib keladi. Hozirda bir umumiy loyiha pishib yetilmoqda. Ushbu loyihaning ayrim masalalari Turkmaniston bilan bog‘liq. Chunki Fors ko‘rfazini Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lashda Turkmaniston o‘tish ko‘prigini bajarib beradi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Tojikiston Turkmaniston bilan gaplashib, masalaning ayrim detallarini kelishib olgan.

Bo‘lib o‘tgan sammitda Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarilganmi?

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Suv masalasida Afg‘oniston transchegaraviy davlat hisoblanadi. Shu vaqtga qadar Afg‘oniston ma’lum sabablarga ko‘ra suv muammosini hal qilishga qaratilgan yig‘ilishlarga taklif etilmagan. Amudaryo havzasidagi suv muammosi asosan Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilib kelingan. Sababi, Afg‘onistonda barqaror hukumat mavjud emas edi. Hozirda ham «Tolibon» hukumatini dunyo mamlakatlari tan olganicha yo‘q. Shu bois bu sammitga Afg‘oniston taklif etilmagan.

Bundan tashqari, «Tolibon» Amudaryo o‘zanida Qo‘shtepa kanalini qurishni boshlab, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston uchun suv muammosini yanada kuchaytirib yubordi. Bu masala Amudaryo quyi oqimida joylashgan O‘zbekiston va Turkmanistonning asosiy muammosiga aylanib qoldi. Afg‘onistonsiz bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Hozir kanal deyarli bitib bo‘lgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kanal Amudaryoning 30 foiz suvini olib qo‘yadi.

Turkmaniston o‘zining gaz zaxiralari bo‘yicha 4-o‘rinda turadi. O‘zbekiston kelajakda Turkmanistondan gaz import qilishi mumkin. Uzoq yillar mobaynida Turkmaniston va Eron juda g‘alati tarif siyosatini yuritib kelgan. Agar shu mamlakatlar tarif siyosatini yengillashtirsa, bu o‘zlari uchun ham mintaqa davlatlari uchun ham foydali bo‘ladi.

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Afg‘onistonni bu sammitga taklif etilmagani haqida gapirmoqchi edim. Ashxoboddagi sammit davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv. Bu yerda «Tolibon»ning tan olinish masalasi bor. Chunki hukumat tan olinganidan so‘ng, uchrashuvlarga hukumat rahbarlari taklif qilinadi. Lekin hozirda defakto munosabatlar olib borilmoqda. Shu nuqtai nazardan Afg‘oniston vakillari taklif etilmagan.

Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan keyin maxsus komissiya yoki ishchi guruh tuziladi. Menimcha, aynan shu ishchi guruh tuzilganda «Tolibon» vakillari ham chaqiriladi. Yaqinda ham O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarining Afg‘onistonga borishi rejalashtirilgan. Tuzilgan maxsus ishchi guruhi ham «Tolibon» vakillari bilan suv masalasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Chunki Qo‘shtepa kanali to‘lib oqsa, Amudaryoning suvi 30 foizga kamayib ketadi. Bu O‘zbekistonning janubida joylashgan viloyatlari uchun juda katta muammo.

Logistika masalasida ham Afg‘onistonning o‘rni katta. Bugun Markaziy Osiyodagi resurslariga eng katta qiziqish bildirayotgan davlat – bu Xitoy. Hozirda Xitoy o‘ziga Turkmaniston gazini O‘zbekiston, Qozog‘iston orqali import qiladi. Buning boshqa bir muqobil varianti bor. Ya’ni, Xitoy turkman gazini Afg‘oniston orqali o‘ziga import qilsa bo‘ladi. Bu Turkmaniston uchun ham qulay. Lekin Turkmanistonda katta gaz zaxiralari bo‘lgani bilan ularni jahon bozoriga olib chiqish juda ham cheklangan. Turkmaniston o‘z gazini jahon bozoriga olib chiqishi uchun turli imkoniyatlarni ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Turkmaniston bunday iqtisodiy jarayonlar ortidan geosiyosiy muammolar qo‘zg‘alib qolishini istamayapti. Ya’ni, kafolat so‘ramoqda. Meni nazarimda, aynan shu masalalar muhokama qilingan. O‘ylashimcha, bu oxirgi sammit emas. Keyingi uchrashuvlarda bu muammoning yechimlari topiladi.

   Turkmanistonga qaysi kuch markazlari bosim qilishi mumkin?

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Kaspiy dengizi atrofida juda ko‘plab energiya resurslari mavjud. Bu hududlar bir vaqtlar Sovet ittifoqining hududi hisoblangan. Hozir ham bu yerda asosiy siyosatni Rossiya belgilaydi. Chunki Rossiya bu infrastrukturani shakllantirgan. Tabiiyki, loyiha Rossiyaga tegishli bo‘lganidan keyin bu yerdagi qonun-qoidalarni u belgilaydi. Shu tomondan Turkmanistonda Rossiyaga bog‘lanish bor. Bu Turkmaniston uchun boshqa tomondan muammo. Sababi, boshqa yo‘nalishda o‘z gazini sota olmaydi, bosimlar bo‘lishi mumkin. Agar Turkmaniston Eron orqali jahon bozoriga chiqaman desa, Eronning ham tashqi geosiyosiy hamkorlari bor. Eron o‘z hamkorlari bilan aloqalarni buzgisi kelmaydi. Mana shunday bir chigal masala bor. Lekin hozirgi geosiyosiy o‘zgarishlar davridan foydalanib yechim izlanmoqda.

 Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Haqiqatdan ham bu yerda asosiy kuch – Rossiya. Turkmaniston gazini jahon bozoriga olib chiqish borasida bir qancha loyihalar mavjud. Lekin bular faqatgina loyiha, hali amalga oshmagan! 15 yil oldin turkman gazi faqat va faqat Rossiyaga sotilar edi. Undan boshqa bozor yo‘q bo‘lgan. Hozir esa turkman gazini asosan Xitoy sotib olmoqda. Bundan tashqi, Yevropa Ittifoqi o‘zining «NABUKKO» loyihasini taklif qilgan. «NABUKKO» loyihasi 2000 yillarning boshidan beri mavjud. Lekin bu loyihani amalga oshishiga Rossiya doim qarshilik qilib keladi. Sababi, bu «Gazprom» manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Yana bir hali amalga oshmagan «TAPI» deb nomlangan loyiha bor. Bunda turkman gazini Afg‘oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazish reja qilingan. Afg‘onistonda barqarorlikning mavjud bo‘lmagani mazkur loyihani to‘xtatib qo‘ygandi. Chunki xalqaro investorlar tinch mamlakatlarga sarmoya kiritadi. Bu loyihani amalga oshirish uchun esa katta miqdorda pul kerak. Pokiston ham turkman gazini sotib olishdan manfaatdor. Yuqoridagi sabablar Turkmanistonning energetika bozoridagi eng katta muammolar hisoblanadi. Bugungi kunda Turkmanistondan faqat Xitoy katta miqdorda gaz sotib olmoqda.

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Sammitda Amudaryo suv havzasidagi muammolardan tashqari, Fors ko‘rfazidagi «Bender-Abbas» va «Cho baxor» portlariga chiqish masalasi ham muhokama qilingan. Xitoy vositachiligida Eron va Saudiya Arabistonining o‘zaro yaqinlashishi imkoniyatlarni kengaytirdi. Ya’ni, O‘zbekiston Turkmaniston orqali Eron portlariga chiqishni ko‘zlagan. Endi bu yerda faqat gap Turkmanistonda qoldi. Shuning uchun bu sammitga Qozog‘iston va Qirg‘iziston taklif etilmagan. Buni hamma bilib turibdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida logistik markazga aylanish uchun yashirin kurash ketmoqdami?

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Albatta, bu bor narsa. Qozog‘iston qolgan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga qaraganda Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlarda ancha oldinda. Ular otni ancha oldin qamchilab olgan. Balki bunga Qozog‘iston Xitoy bilan bevosita chegaradosh bo‘lgani sababdir. O‘zbekiston esa Xitoy bilan bevosita chegaradosh emas va Xitoy bilan endigina iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Lekin shunga qaramay, O‘zbekiston Xitoy bilan 3 ta katta logistik yo‘l qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Qozog‘iston esa Xitoy bilan chegarada 2 ta katta logistik yo‘l qurib olgan. Bugungi kunda Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari ichida Xitoy bilan savdo-sotiq va tranzit masalasida yaqqol lider. Agar O‘zbekiston Xitoy bilan 3 ta temir yo‘l loyihasini amalga oshirsa, Qozog‘istonga raqobatchi bo‘ladi. Bu yerda O‘zbekistonning imkoniyatlari ancha yaxshi. Chunki O‘zbekiston hududidan o‘tadigan logistik yo‘llar Qozog‘istondagi yo‘lga qaraganda Xitoyga ancha yaqin. Kelajakda Xitoy mahsulotlarini qaysi davlat ko‘p tashisa, o‘sha davlatning xazinasi boyib boraveradi.

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi raqobat bugun paydo bo‘lgan emas. Bu raqobat Sovet ittifoqi davrida ham mavjud bo‘lgan. Bu mustaqillik yillarida ham davom etdi. Bu davrda faqatgina iqtisodiy emas, siyosiy raqobat ham ko‘zga tashlandi. Oxirgi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan bu siyosiy raqobatni sog‘lom raqobatga aylantirish harakatlari olib borildi. Qozog‘iston ham shunga intilmoqda. Iqtisodiy sog‘lom raqobat Markaziy Osiyo davlatlari uchun faqatgina foydaga ishlaydi. Chunki raqobat bo‘lgan joyda o‘sish bo‘ladi. Aynan, logistika masalasi bo‘yicha raqobat bo‘lishi kerak. Bu raqobatga nafaqat Qozog‘iston, O‘zbekiston balki Tojikiston ham qo‘shilishi lozim. Sababi, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarini jahon bozoriga chiqishini yengillashtiradi.

Logistika – iqtisodiyot uchun muhim soha. Hozircha, bundan biz katta foyda ko‘rmayapmiz. Aslida, ishlab chiqarishdan ko‘ra logistika (tranzit) katta daromad keltiradi. Buni biz Turkiya misolida ko‘rishimiz mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘z hududida ko‘proq tranzit bo‘lishini xohlaydi. Raqobat esa transport logistika yo‘llarini, avtomobil yo‘llarini rivojlanishiga olib keladi. Raqobat faqat yaxshilikka xizmat qiladi. Mamlakat hududidan tranzit yo‘llar o‘tsa, ichkaridagi kichik va o‘rta biznesning salohiyati ham oshishni boshlaydi. Shundoq ham Markaziy Osiyo uzoq vaqt alohida-alohida faoliyat yuritdi. Endigina birlashib, jahon bozoriga chiqamiz degan vaqtda bunday raqobatlar siyosiylashmasligi kerak. Buni barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari yaxshi tushunib turibdi.

Joriy yilning 18-iyul kuni Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha protokol imzolandi. Bu loyihani amalga oshirish mumkinmi?

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Bu o‘zi 2000 yillarni boshida ko‘tarilgan loyiha. Yuqorida biz aytganimizdek, Afg‘onistondagi notinchlik va hokimiyat uchun kurash bu loyihani orqaga surib kelingan. Mazkur loyihaning dastlabki texnologik summasi 5 mlrd dollarga baholanmoqda. Ushbu raqam yana ham o‘sishi mumkin. Sababi, bu temir yo‘l Hindikush tog‘laridan o‘tishi kerak. Bu uchun investorlar ham bor. «Tolibon» ham bu loyiha amalga oshishidan juda-juda manfaatdor. Buni ular har doim aytib kelgan.

Kelajakda O‘zbekiston orqali Pokistonga temir yo‘l ochilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda chorrahaga aylanishi uchun ulkan hissa qo‘shadi. Boisi, bu yerda gap faqat O‘zbekiston mahsulotlari haqida ketmayapti. Bu yo‘ldan hamma yuradi. Afg‘oniston va Qozog‘iston o‘rtasida oziq-ovqat bo‘yicha katta shartnomalar bor. Hozirda tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston aholisi 40 millionga yaqin. Uzoq yillik urushlar tufayli Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlanmagan. Afg‘oniston uchun eng yaqin g‘alla bozori – Qozog‘iston. Chunki Pokiston bilan geografik muammolar bor. Hozirda Qozog‘iston O‘zbekiston orqali o‘z g‘allasini Mozori Sharifgacha yetkazib bermoqda. Agar Transafg‘on yo‘lagi ishga tushib, temir yo‘l butun Afg‘onistondan o‘tsa, bundan O‘zbekiston juda manfaatdor.

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Transafg‘on loyihasiga birinchi navbatda Xitoy va arab davlatlari qiziqmoqda. Lekin ular bu loyihaning aniq bahosini so‘ramoqda. Joriy yilning 18-iyul kuni O‘zbekiston temir yo‘llari va Pokiston temir yo‘l vazirligi hamda «Tolibon» vakillari o‘rtasida kelishuv imzolandi. Endi loyiha sinchiklab o‘rganilib, baholanadi. Mana shundan keyin investitsiya masalasi ko‘tariladi. Ya’ni, bu bilan loyiha darrov ishga tushib qolmaydi.

Qachondir Xitoy o‘zining «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasini ishga tushirsa, bunga muqobil bo‘lgan yo‘nalishlarimiz bo‘lishi kerak. Ya’ni, faqatgina Xitoyga bog‘lanib qolish kerak emas.

Sardor Ali suhbatlashdi

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети