Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Halol odam o‘g‘irlik qilmaydi

Halol odam o‘g‘irlik qilmaydi

Korrupsiyaga qarshi kurash deganda, odatda ko‘pchilik poraxo‘rlarning ayovsiz qo‘lga olinishini tushunadi. Bu — ta’sirchan choralardan biri, lekin asosiy yechim emas.

Vijdonli, halol, qonunlarga bo‘ysunadigan odam har qanday holatdayam o‘g‘irlik qilmaydi. Aksincha, o‘g‘rining qo‘liga million dollar bersangiz ham qing‘ir ishini to‘xtatmaydi.

Seyfidan million dollar chiqqan hokim

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirdi. Yirik amaldorlar qo‘lga olinib, mahkamaga tortildi.

Xizmat xonasidagi seyfidan katta miqdorda pul chiqqan Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev, shuningdek, sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov va DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevlar korrupsiyada ayblanib, qamoqqa olindi.

Keyingi yillarda ham korrupsiyaviy jinoyatlari uchun ko‘plab mansabdorlar javobgarlikka tortildi.

2016 yilda yangi rahbariyat oldida tezkor hal qilinishi zarur bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va maishiy masalalar juda ko‘p edi. Yillar davomida aholi murojaatlari bilan ishlanmay qo‘yilgan, iqtisod «bo‘g‘iq», huquq «siniq» edi. Bu esa jamiyatni korrupsiyaga yetaklardi.

Birinchi navbatda jamiyatni, iqtisodiyotni liberallashtirishga kirishildi. Virtual qabulxona ochilib, xalqning dardi, o‘y-fikrlari va takliflari o‘rganildi. Aholi va hokimiyat o‘rtasida muloqot o‘rnatildi.

«Qora bozor» — kimga ofat, kimgadir daromad...

Valyutani erkin sotib olish va sotishga ruxsat berish hamda valyuta konvertatsiyasi kurslarini belgilashning xalqaro mexanizmlarini qo‘llash orqali yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashildi. Yillar davomida mavjud bo‘lgan «qora bozor»ga jiddiy zarba berildi. Davlat kursi va «qora bozor»dagi katta farq ko‘pchilikni qiynayotgan, shu bilan birga, ayrimlarni mislsiz boyitayotgan edi.

Sa’y-harakatlar zoye ketmadi. Xalqaro hamjamiyatdan katta sarmoyalar jalb etish va mamlakatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashga yo‘l ochildi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buni isbotlaydi.

Sovg‘a olish taqiqlanadi

2022 yilda kuchga kirgan «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun orqali davlat xizmatchilari uchun yangi cheklovlar joriy qilindi. Jumladan, davlat xizmatchilariga sovg‘alar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, xorijiy banklarda hisobraqam ochish man etildi.

Qonun davlat xizmatchilariga manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini ham yukladi.

Byurokratik to‘siqlarni qisqartirish yo‘lida ulkan qadamlar tashlandi:

  • Yer ajratish jarayoni to‘liq raqamlashtirilib, hokim qarori bilan taqsimlashdan voz kechildi. Korrupsiya «o‘chog‘i»ning yo‘qotilishi evaziga tizim budjetga bir yilda 4,5 trillion so‘m daromad keltirdi.
  • Davlat xaridlari raqamlashtirildi va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash natijasida 14 trillion so‘m tejaldi.
  • Qurilish sohasidagi shaffoflik tufayli 3,6 trillion so‘m budjet mablag‘i iqtisod qilindi.

Shuningdek, Ochiq ma’lumotlar (data.gov.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portallari ham byurokratik to‘siqlarni yo‘qotish va oshkoralikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash samarasi xalqaro reytinglarda ham aks etdi. Transparency International ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2016 yildan buyon reytingda 42 pog‘ona yuqorilashga erishdi.

Yangi marra

Davlat rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida jamiyatda korrupsiyadan xoli muhit yaratishga oid kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi va 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Ular asosida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ish uslubini o‘zgartiradi. Buning uchun, tajriba tariqasida beshda «og‘ir» soha – Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, Neftegaz va Suvta’minot jamiyatlarining komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.

Agentlik tumanlar darajasiga tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi. Tahlillar asosida aniq choralarni ishlab chiqadi.

Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilyapti. Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanadi. Ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh bo‘ladi.

Bundan sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tizim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga ko‘maklashdi. So‘nggi yillarda hududlar salohiyati oshgani bois endi prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar faoliyati bilan shug‘ullanmasligi belgilandi. Ularning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli sohalar bilan o‘z kuchi va tizimi vositasida shug‘ullanadi.

Sektorlardan ozod bo‘lgan kuch va vositalar jinoyatchilikka qarshi kurashishga safarbar etiladi. Noqonuniy tekshiruvlar ustidan prokuror nazorati kuchaytirilishi orqali joylarda biznes va investitsiya muhiti yaxshilanadi. Bu idoralar o‘zaro kirishib ketmasdan, bir-birini tiyib turishi kerak bo‘ladi.

Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Deklaratsiyalash, noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar kiritilishi natijasida korrupsiya omillari cheklanadi.

Korrupsiya insonlar hayotini saraton kabi «kemiradi», xalqni yo‘qchilikka mahkum qiladi. Saratonni tanadan yulib tashlash mumkin, lekin bu to‘liq tuzalishga kafolat emas. Davlat rahbari «halollik vaksinasi» iborasini bejiz yana tilga olmadi. Korrupsiyani davolashdan ko‘ra, uni oldini olish ko‘proq samara beradi. Shu sabab davlat xizmatchilari va aholining bilim-tafakkurini o‘stirish — Yangi O‘zbekistonning bu illatga qarshi kurashdagi asosiy maqsadi bo‘ladi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети