Nodira Alimova: «Hech joyda ishlamaydigan» qishloq ayollari tong sahardan to tunga qadar tinim bilmay mehnat qilishadi
Jizzax viloyat «Qalb nuri» ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazining direktori Nodira Alimova bir tadbirda menga grant yutganini aytib qoldi. Loyihaning maqsadi nima, deb so‘radim. Toshkent u yoqda tursin Jizzax shahrini ko‘rmagan opa-singillarimizni shahar bo‘ylab aylantirish, dedi Nodira menga. Aytgancha, Nodira Alimova O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi mediatreneri ham.
Sezib-bilib turganingizdek, Nodira bilan suhbatimiz ayollar haqida. 15 oktyabr sanasida qishloq ayollari butun dunyo bo‘ylab eslanadigan kun. Biz ham shu fursatdan foydalanib qishloq ayollarining armonlari, orzulari, yashash sharoiti, ularni qiynayotgan muammolar haqida aynan Nodira Alimova bilan suhbat qilishga qaror qildik. Zero, doimoa yollar uchun kuyib-pishib yuradigan markaz direktori va shu bilan birga, vaqti kelsa oddiy ayol Nodira Alimovachilik ularni hech kim yaxshi bilmaydi.
– «Qalb nuri» markazining vazifasi nimalardan iborat, degan savolimdan boshlaymiz suhbatni...
– Viloyatdagi qiyin ahvolga uchragan ayollarga, ularning oila a’zolariga ijtimoiy-huquqiy xizmat ko‘rsatish, oila institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirishdan iborat.
– Yo‘nalishlari-chi?
– Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va tibbiy madaniyatini oshirish. Ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, siyosiy faolligini oshirish, gender tengsizligiga va zo‘ravonlikka barham berish, har bir jabhadagi muammolarni mustaqil yechimini topishda yordam ko‘rsatish, ularning huquqiy savodxonligini, huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini oshirish.
Ayollarning shaxsiy va ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy kichik ishlab chiqarish korxonalarini va uy mehnatini tashkil qilish. Ma’naviy qiyin ahvolga tushgan ayollar va ularning oilalariga psixologik yordam ko‘rsatish.
– NNTda ish boshlashingizga nima turtki bo‘lgan? Ish faoliyatingiz davomida sizni eng taajjubga solgan, hayratlantirgan voqealar.
– Ayollarga yordam ko‘rsatadigan «Hamdard» NNT Jizzaxda ilk bor 1990-yillarda tashkil topgandi. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan Sayyora Hamdamova ustozimning bir gapi sira qulog‘imdan ketmaydi: «Bunday markazlarda hamma ham ishlamaydi, buning uchun fidoyi bo‘lish kerak!»
O‘sha vaqtlarda men Jizzax viloyat teleradiokompaniyasida jurnalist edim. Yon-atrofimizda ro‘y berayotgan har qanday voqea va hodisalar, muammolar tabiiyki biz yosh jurnalistlarni befarq qoldirmasdi. «Mening fikrim» nomli tanqidiy, tahliliy mualliflik ko‘rsatuvim bor edi. Tomoshabinlardan juda ko‘plab xatlar olardik. Jizzax shaharining mahallalarida yashovchi fuqarodan xat keldi. Unda bir xonali xonadonda yashovchi oila boshlig‘i mukkasidan ketar darajada ichkilikka ruju qo‘ygani, mardikorchilikdan topgan pulini ichib yurishini, oila bekasi esa 3 nafar voyaga yetmagan qizlarini turmush o‘rtog‘iga tashlab, o‘zi butunlay yo‘qligi yozilgandi. Achinarlisi, qizlarning eng kattasi 10-12 yoshlar atrofida bo‘y yetib kelayotgani, eng kichigi esa endigina 3 yoshlar atrofida ekanligi edi. Men bu holatga jim qarab turolmasdim. Ko‘rsatuv tayyorlab, efirga uzatdim. Bu ko‘rsatuvdan keyin murojaatchilar ishxonaga ham kela boshlashdi. Bir gal turmush o‘rtog‘i tomonidan doimiy ravishda tahqirlab kelingan, nikohi bekor bo‘lmasa-da, boshqa ayolga sha’riy nikoh bilan uylanib, uyiga olib kelgan, voyaga yetmagan 3 nafar farzandi bilan ko‘chaga quvib yuborilgan ayol yig‘lab keldi. Ayol ota-onasi o‘tib ketganligini, ukasi o‘z kunini zo‘rg‘a ko‘rishini, boradigan joyi yo‘qligini aytib yordam so‘radi. Bu holat ham ko‘rsatuvlarning navbatdagisi uchun mavzu bo‘lgandi... O‘sha davrlarda zo‘ravonlik haqida gapirishning o‘zi ancha muammo edi. Ko‘p ovoragarchiliklar bo‘ldi, tushuntirish xatlari yozildi, kimlardandan kechirimlar so‘raldi. Bunisi muhim emasdi. Bu mavzuning qanchalar dolzarbligi muhim edi. Bu mavzuni yoritar ekanman, o‘zim Jizzax tumani (hozirgi Sharof Rashidov)dagi qishloqlardan birida tug‘ilib o‘sganim uchun, og‘ir vaziyatga tushgan ayollar, ayniqsa, imkoniyatlar chegaralangan qishloq joylarida, ishsiz ayollar qanchalar yordamga muhtoj bo‘lishini tobora chuqurroq his qila boshladim...
2007-yilda «Qalb nuri» NNT ro‘yxatdan o‘tdi va mana 15 yildirki 20 ga yaqin turli ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar amalga oshirildi. Shuningdek, markazning «qalbnuri.uz» veb-sayti hamda «226-52-62» raqamli «Ishonch telefoni» ishga tushirilgan.
– Xalqaro tashkilotlar grantlari bo‘yicha faoliyatlaringizga ham to‘xtalsangiz.
– Markaz tomonidan 2011-2012-yillarda Jahon bankining taraqqiyot dasturi 7 ming AQSh dollari miqdoridagi granti asosida «Qishloq ayollariga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni o‘rgatish» loyihasi amalga oshirilgan. Loyiha doirasida viloyatning chegara hududlari – Baxmal, Zomin, Forish, Mirzacho‘l va Yangiobod tumanlarida 1000 dan ziyod ayollarga tadbirkorlik asoslari, kredit olish tartiblari va biznes-reja tuzish bo‘yicha iqtisodiy va tadbirkorlik sohasida mutaxassislar tomonidan maslahatlar berilgan.
2019-2020-yillarda Markaziy Osiyoda Yevrosiyo fondi Jamoat fondining 4 ming yevro miqdoridagi granti bo‘yicha Jizzax shahar 7-sonli umumta’lim maktabida «Kam ta’minlangan oila farzandlariga bepul IT kurslari va xorijiy tillarni o‘rgatishni tashkil etish» loyihasi amalga oshirilgan. Unda Jizzax shahrining «Ittifoq», «Do‘stlik» va «Yoshlik» mahallalari hududidagi kam ta’minlangan oilalarning yuqori sinflarda o‘qiydigan 60 nafar farzandlarini axborot texnologiyalari va xorijiy til kurslarida bepul bilim olishlari ta’minlandi.
Bunday loyihalar juda ko‘p.
– Bu kabi markazlar har bir viloyatda bor. Va ularning o‘ziga yarasha muammosi bor. Ayting-chi markaz mablag‘ masalani qanday hal qiladi?
– Meni keyingi yillarda bir narsa juda taajjubga soladi. Yuqorida aytganimdek, jamoat tashkilotlarida hamma ham ishlayvermaydi. Ayniqsa, tashabbuskor tashkilotlarga juda qiyin. Sababi, bu yerda har oy barqaror oylik maosh yo‘q. Budjetdan mablag‘ olinmaydi. Yo‘q yerdan, turli grant tanlovlarini izlab topish, ehtiyojlarni aniqlash, bir necha kunlab loyiha yozish, himoya qilish va yutib olish, maqsadli ishlatish va hisobotlarni o‘z vaqtida belgilangan tartibda topshirish, bularning hammasi chuqur bilimni, mustahkam asabni, sabr-bardoshni talab etadi. Eng yomoni, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga chog‘lanasan va o‘sha yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tegishli davlat tashkilotiga borsang, NNT nima ekanligini tushunmagan, salohiyatsiz rahbar kadrlar soatlab qabulida kuttiradi. Qabuliga kirsang, xuddi nonini yarimta qilib qo‘yadigandek, sen bilan hamkorlik qilishni paysallaydi. Quruq va’dalar berib, bir necha kunlar ovorayu sarson qilishi meni qattiq ranjitadi va hayratga soladi. Ko‘p yillar davlat tashkilotlarida ishlaganligim va bugun jamoat tashkilotida faoliyat yuritayotganim sababli nega ijtimoiy muammolar tez hal bo‘lmayotganining sababini shulardan ko‘raman.
– Qishloq ayollarining muammollari juda ko‘p va u tugamaydigandek...
– Bir yili tashkilotimiz tomonidan belgilangan so‘rovnoma asosida viloyatimizning Baxmal va Mirzacho‘l tumanlarida yashovchi, ijtimoiy ahvoli turlicha bo‘lgan xotin-qizlarning ehtiyojlarini o‘rgandik. Tadbirda Mirzacho‘ldan hayotda o‘z o‘rniga ega, mutaxassis, deputat ayollardan tashqari, ishsiz, mehnat migranti, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar ham taklif etilgan edi. Shular orasida qatnashayotgan bir ayol hayajonlana boshladi. U o‘z hayajonini yashirolmadi va umri davomida ilk bor chiroyli xonada, yuqori mavqega ega bo‘lganlar bilan bir davrada, hurmat va izzat ko‘rsatilgan holda o‘tirganini aytdi. O‘zini ilk bor ayol, inson ekanligini his qilganini bildirdi. Buni eshitish ham hayrat, ham dahshat edi aslida. Biz jamoat tashkilotlari vakillari eng quyiga, chekka qishloqlarga ko‘proq chiqishimiz, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni ko‘proq amalga oshirishimiz lozimligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Baxmal tumanida esa bir qishloq ayoli Toshkent, Samarqand kabi katta shaharlar tugul Jizzax shahri markazini ham hali ko‘rmaganligini aytganida bu boradagi ishlarimiz yetarli emasligini bildim va yaqinda ataylab shunday ayollarimiz uchun yozgan loyiham grant tanlovida yutib chiqdi!
– Qishloq ayollarining orzulari ham o‘zlari kabi sodda va beg‘ubor. Ular ham o‘qib, o‘rganishni xohlaydi. Biroq, uyi, ro‘zg‘oridan ortolmaydi.
– To‘g‘ri, keyingi paytlarda davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan turli kasb-hunarga o‘rgatuvchi o‘quv kurslari tashkil qilinmoqda. Ammo, ayollarning o‘sha kurslarga ro‘zg‘oridan orttirib, yo‘l kira sarflab kelolmasligi ko‘pincha e’tibordan qolib ketadi. Yoki ko‘pchilik xotin-qizlarga turli tikish va boshqa jihozlar berilmoqda, ammo kasbiy malaka berilmasdan, ya’ni «baliq tutishni o‘rgatuvchi» maxsus o‘quvlarsiz berilgan jihozlar, afsuski, ishlatilmasdan qolmoqda. Men qishloq ayollariga individual yondashuv, har birini qiziqishiga qarab o‘qitish va iqtisodiy imkoniyatini kengaytirishi uchun moliyalashtirish zarurligini aytgan bo‘lardim.
Qishloq kelinlari, umuman, qishloq ayollarining sabru matonatiga ta’zim qilish kerak. Ular ham hamma sharoitlari bor, issiq, yorug‘ uylarda yashashni xohlaydi. Mehnatni osonlashtiruvchi kir yuvish, uy tozalash texnikalaridan foydalanishga haqqi bor. Hammomi bo‘lsa, issiq va sovuq suv doim kelib tursa, qaniydi. Qishloq ayollari bilan gaplashganda, ayrimlari elektr energiyasi bir kunda faqat kechki paytdagina berilishini, o‘shanda ham quvvati pastligidan televizor yaxshi ko‘rsatmasligini, bu paytda faqat mobil telefonlarini tezda quvvatlantirib olishlarini aytib qolishadi. Kunlari suv tashish, qo‘lda kir yuvish, o‘choqqa o‘t qalab ovqat pishirish bilan o‘tib ketayotgan ayollar qancha?! Umr esa juda qisqa, ayrimlar ta’biri bilan aytganda «Hech joyda ishlamaydigan» qishloq ayollari tong sahardan to tunga qadar tinim bilmay mehnat qilishadi. Bir tomondan ularning mehnati og‘ir bo‘lsa, ikkinchi tomondan global iqlim o‘zgarishi kuzatilayotgan shu kunlarimizdagi ekologik vaziyat, atrof-muhitdagi chang va to‘zonlar, suvsizlik qishloq ayollarining salomatligiga, hayot sifatini yomonlashishisha sabab bo‘lmoqda. Ularning og‘irini yengil qilish vaqti allaqachon yetgan. Eng chekka qishloqlarga ham kichik hovli va 2 qavatli ixcham va shinam uylar qurish, quyosh panellarini o‘rnatish, issiqxona va boshqa uy sharoitida tadbirkorlik qilishlari uchun imtiyozli kreditlar berish kerak. Bular qishloq ayollarining og‘irini yengil qiladi.
– Internet rivojlangan zamonda ayollarning mediasavodxonligi borasida ham nimalardir qilayapsizlarmi?
– Markazimizga turli kiberhujumga uchragan, internetdagi firibgarlarga aldangan, bilib-bilmay turli og‘ir vaziyatlarga tushib qolayotgan xotin-qizlar ham yordam so‘rab murojaat etib turishadi. Shuni inobatga olib 2022-yilda Jizzax viloyat IIB va viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda bir ijtimoiy loyiha, ya’ni viloyatning 5 ta chegara tumani xotin-qizlari o‘rtasida «Mediasavodxonlik hammaga kerak» loyihasini bajardik. Bu juda dolzarb masala. Chunki bugun ayollarimizdan mediasavodxon bo‘lish talab etiladi. Ularga bu boradagi bilimlarini oshirish maqsadida televideniye uchun maxsus ko‘rsatuv va aldanib qolmaslik bo‘yicha videoroliklar tayyorlab, TV va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatilishini ta’minladik. Bu kabi kichik bo‘lsayam, ishlarimiz qaysidir oilani parokandalikdan, ayollarimizni og‘ir vaziyatlardan asrab qolsa biz o‘z maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.
– 50 mln. so‘mlik grantni yutdilaringiz va bu loyihadan ko‘zlangan maqsad.
– Yaqinda «Jizzax bo‘ylab sayohat qil!» Dasturini amalga oshirish» yo‘nalishida e’lon qilgan grant tanlovida «Sayohat qiling, hayotning har lahzasidan bahra oling!» nomli loyihamiz bilan ishtirok etdik va 50 mln. so‘mlik grantga sazovor bo‘ldik.
Loyihamizdan ko‘zlangan maqsad ko‘p bolali, ishsiz yoki og‘ir vaziyatga tushgan xotin-qizlarning Jizzax bo‘ylab sayohatini tashkil qilish, teatrda ko‘ngilochar tomosha uyushtirish orqali kayfiyatni ko‘tarishdan iboratdir. Yuqorida ta’kidlaganimdek, viloyatimizning har bir tumanidan hali shaharni ko‘rmagan qishloq ayollari Jizzaxning diqqatga sazovor joylariga olib kelinadi. Bu shunchaki sayohat bo‘lmaydi. Maqsadli guruhimiz chiroyli tarzda tantanali ravishda, xuddi yuqori nufuzli mehmonlardek kutib olinadi, muzeylarga tashrifi uyushtiriladi. Ayol haqida ularga motivatsiya beradigan, ko‘ngilni ko‘taruvchi spektaklni tomosha qilishlariga e’tiborni qaratamiz. Ehtimol, bu bir kunlik loyiha o‘z uyi, qishlog‘idan chiqmagan ayrim ayollar uchun hayotini o‘zgartirishga, o‘z bahosini anglashga va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qilar?! Aslida ham asl maqsadimiz shu!
Barno Sultonova suhbatlashdi
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter