Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Kimdir sog‘lom, kimdir joni og‘rib ingragan... Yoxud ko‘krak nishoni qutqarib qololmagan Ravshan Namozovni eslab

Kimdir sog‘lom, kimdir joni og‘rib ingragan... Yoxud ko‘krak nishoni qutqarib qololmagan Ravshan Namozovni eslab

Uni ilk bor TVda ko‘rganimda hali maktabda o‘qir edim. «Notanish qizning rasmin chizaman», deb kuylardi notanish xonanda. Hayron bo‘ldim: bu kim bo‘ldi? Qo‘shig‘i buncha yoqimli! Keyin ijodiga qiziqib qoldim. U Surxon qo‘shiqchiligi orqali o‘zbek folklorini ko‘tarishga katta hissa qo‘shdi, san’at shinavandalariga zavq-shavq ulashdi.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rik-tanlovida Gran-prini qo‘lga kiritgan paytlari Ravshan Namozovning gullagan davri bo‘ldi.

Endi o‘ylab ko‘rsam, hamkasblaridan farqli o‘laroq, Ravshan Namozov umuman boshqacha inson bo‘lgan ekan. U o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni, reklama qilishni xayoliga keltirmasdi. Ravshan Namozovga musiqa, san’at kerak edi. O‘zini, umrini san’atga fido qilgan edi u.

Internet ommalashmagan, odamlar hali kundalik nashrlarni o‘qigan vaqtlarda gazetalar yaxshigina targ‘ibot manbai edi. Xonandalar ijodi bahonasida o‘zini yetti iqlimga yoyishga harakat qilardi. Xususiy gazetalarning deyarli hammasi artistlarning arzon garov «reklama»lari bilan, muqovalar esa ularning turli-tuman rasmlari bilan to‘lib ketardi. Ammo Ravshan Namozov ayrim surbet, betakalluf hamkasblariga nisbatan kamtarona mehnati bilan band edi. U, hatto ijodini ham hech qachon targ‘ibu tashviq qilmasdi. Vaholanki, ish faoliyati maqtagulik, qo‘shiqlari dilrabo, sokin tarona va sho‘x yallalardan iborat edi.

Xonanda tahririyat, radio yoki TV eshigini qoqib boravermasdi. Jurnalist yoki muxbirlar so‘rab kelsagina, intervyu berishi mumkin edi. Shu bois ham bu xonanda bilan uyushtirilgan suhbatlar juda kam, borlari ham allaqachon esdan chiqib ketgan.

O‘sha yillari bastakor va xonanda Rustam Mahmudov yozg‘irib qoldi:

– Ravshan akaga hayronman. Yangi sotib olgan gitarasini maqtab o‘tiribdi. Falon pulga olibdi. Unga ochig‘ini aytdim. Bundan ko‘ra uy olsangiz bo‘lmaydimi, Ravshan aka, dedim. Parvo qilmadi. Yangi gitarasiga mahliyo, tavba!

Ha, Ravshan aka ba’zi hamkasblari kabi o‘nta-yigirmata uylar olmadi. Buni xayoliga ham keltirmadi. Xokisorligicha qolaverdi.

Xonanda degani bodrab chiqa boshlagach, Ravshan Namozov kabi asl san’atkorlar e’tibordan chetda qoldi. Yangi, yosh avlod uni deyarli tanimasdi.

Oradan yillar o‘tib, aktyor, so‘z ustasi va qo‘shiqchi Sherqo‘zi G‘oziyev orqali Ravshan akaning xastaligi haqida eshitib qoldim. Tabiblik bilan shug‘ullanayotgan Sherqo‘zi G‘oziyev telegram orqali xonandaning rasmini yuborgan edi. «Oq qon raki (leykoz) va saxar diabetdan tuzaldi», deb yozdi u.

Yo‘q, Ravshan Namozov tuzalmagan ekan. Shu yilning yanvarida uning og‘ir xastalikka duchor bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Xonanda gematologiya va qon quyish markazida davolanardi. Uning shogirdlari odamlardan yordam so‘rab iltimos qilishdi.

Sherqo‘zi G‘oziyevga qo‘ng‘iroq qildim. Band ekan, shekilli, javob bo‘lmadi. Uning telegram raqamiga yuqoridagi xabarni yubordim. Javob uzoq kuttirmadi, ammo Sherqo‘zi aka emas, ayol kishining ovozli xabari keldi:

– Bu odam bizning oldimizga keldilar. Saxari ham, onkologik kasalligi ham bor edi. Bizda 3-4 oy davolanib, keyin kelmay ketdi. «Sherqo‘zi aka, men ancha yaxshiman», deb o‘ziga ishonch hosil qilib ketgan. Orada boshqa lecheniyelarni ham olgan, shekilli?..

Xonanda bilan bog‘lanishga harakat qildim. U o‘zining sog‘ayib boshlaganini yozdi. Bu haqda saytda berildi.

Sal keyinroq Madaniyat vazirligi «Madaniyat va san’at fidokori» nishoni bilan bir guruh fidoyilarni taqdirladi. Ular orasida Ravshan Namozov ham bor edi. Xotirjam bo‘ldim. Sog‘ayib ketibdi, deb o‘yladim. Bunday emas ekan. Ravshan Namozov reanimatsiyadan palataga o‘tkazishganini yozib ma’lum qildi.

Uni qidirib bordim. Ammo oldiga kirishning imkoni bo‘lmadi. Kunlar shu zaylda o‘taverdi. Kim uchundir shodon, kim uchundir mahzun. Kimdir sog‘lom, kimdir joni og‘rib, shifoxona shiftiga tikilib ingragan...

Noxush xabar bir seskantirib, keyin shalviratib qo‘ydi.

San’at muxlislarining o‘pkasi to‘ldi. Ajoyib inson, fidoyi va xokisor san’atkor Ravshan Namozovni tabobat ham, qon quyish ham, ko‘krak nishoni ham qutqara olmadi.

Peshanaga yozgani shu ekan.

Diydor qiyomatga qoldi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети