Zelenskiy prezidentlikdan ketishga tayyor, faqat bir sharti bor...

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 23-fevral kuni Kiyev shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSh bilan muzokaralar, Rossiya bilan tinchlik bitimi imzolash imkoniyati kabi masalalarga to‘xtaldi.
Rossiya 2022-yilning 24-fevralida Ukraina hududiga bostirib kirgan edi. Kiyevdagi matbuot anjumani urushning uch yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Zelenskiy Ukrainada tinchlik o‘rnatish va mamlakatning NATOga kirishi evaziga prezidentlikdan ketishga rozi ekanini bildirdi.
«Agar tinchlikka erishish uchun mening prezidentlikdan ketishim shart bo‘lsa, men bunga tayyorman. Agar shunday shart qo‘yilsa, men uni (prezidentlik lavozimimni) NATOga a’zolikka alishishim mumkin», – degan Zelenskiy.
Bu bilan siyosatchi AQSh prezidenti Donald Trampning aybloviga javob qaytargan. Avvalroq Tramp Zelenskiyni «diktator» deb atab, prezidentlik saylovini o‘tkazishga undagan edi.
Tramp AQSh Ukrainaga urush boshlanganidan buyon 350 milliard dollar ko‘mak berganini ham aytgan.
Avval xabar berganimizdek, Oq uy Kiyev rahbariyatidan foydali qazilmalarga oid bitim imzolashni talab qilmoqda. Vashington taklif etayotgan hujjatga muvofiq, Ukraina o‘z foydali qazilmalari orqali AQShga 500 milliard dollar kompensatsiya qaytarishi kerak.
Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, AQSh Ukrainaga 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar bergan, uni ham qarz emas, grant sifatida ajratgan. Qolaversa, Oq uy taklif etayotgan bitimda Ukrainaning xavfsizligiga doir kafolat ko‘zda tutilmagan.
«Men o‘n avlod ukrainaliklar yelkasida yuk bo‘ladigan bitimni imzolamayman», – degan Zelenskiy.
Unga ko‘ra, xavfsizlik kafolatining yo‘qligi Rossiya yana takror bostirib kirishi ehtimolini oshiradi.
«Ukraina uchun AQSh va Yevropadan xavfsizlik kafolati lozim. Tramp abadiy emas, bizga esa uzoq yillar uchun tinchlik kerak», – degan Zelenskiy.
Ukraina rahbari Rossiya bosqinini to‘xtatish, tinchlik sulhi va foydali qazilmalar bo‘yicha bitim kabi masalalarda AQSh bilan muzokara va muloqot davom etishini qayd etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter