Yoshlarga «Qobiliyat eshigi»ni qoqish taklif etilmoqda
Toshkentda 19 oktyabr kuni Turkiya prezidenti devoni qoshidagi Inson resurslari idorasi muvofiqlashtiruvida «TalentforBIZ» tadbiri o‘tkaziladi.
Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tadbir doirasida o‘zbekistonlik yoshlar global miqyosda faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan ish, amaliyot va ta’lim borasida bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi. Munosib nomzodlar ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Jumladan, «Aselsan», «Halkbank», «Turkish Airlines» singari shirkatlar, shuningdek, «Çalık Enerji», «Koç İnşaat», «Kontrolmatik» kabi O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelayotgan turk korxonalari taqdimot va suhbatlar o‘tkazadi.
Toshkentda Turkiya prezidenti devoni qoshidagi Inson resurslari idorasi hamda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qo‘llovida «Olmazor startap» inkubator markazi tashkil etilgandi. «TalentforBIZ» doirasida mazkur markazga qabul bo‘yicha yosh o‘zbek muhandislari bilan suhbat uyushtiriladi.
Bu yil O‘zbekistonda to‘rtinchi marotaba o‘tkaziladigan tadbir «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida tashkil etiladi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, tadbirga oid barcha jarayonlar «Qobiliyat eshigi» raqamli karera platformasi orqali yuritiladi.
«TalentforBIZ» ko‘rgazmasiga oid batafsil ma’lumotlar rasmiy saytda taqdim etilgan.
2019 yildan buyon o‘nga yaqin mamlakatda o‘tkazilgan «TalentforBIZ» loyihasi yoshlarning karera qurishiga ko‘maklashadi.
Tadbir O‘zbekistondan so‘ng Bosniya va Hersegovina, Qozog‘iston hamda Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter