Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil rahbariyati hibsga olinishiga birgina davlat tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda

Isroil rahbariyati hibsga olinishiga birgina davlat tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda

21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlar sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi.

Ushbu ikki shaxsga 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha bo‘lgan muddatda G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi allaqachon xalqaro sud qarorini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Binyamin Netanyahuning o‘zi esa xalqaro sud qarorini absurd va yolg‘on» deb atab, unga bo‘ysunmasligini ma’lum qilarkan, G‘azo sektorida «harbiy maqsadlarga erishmaguncha qadar» urushni davom ettirishini ta’kidlagan.

Netanyahu va Galantni qamoqqa olish haqidagi qarorni dunyoning ko‘plab davlatlari dastaklamoqda.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlari va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel xalqaro sud qarori «siyosiy qaror» ekani haqidagi iddaolarni rad etib, bu hujjatni YeIga a’zo barcha davlatlar bajarishga majbur ekanini qayd etdi.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Netanyahu va Gallant mamlakatga kelsa, hibsga olinishini aytdi.

«Biz Xalqaro jinoyat sudining asoschilaridan biri hisoblanamiz, xalqaro huquq ustuvorligini e’tirof etib kelamiz. Binobarin, xalqaro sudning barcha qaror va qoidalariga rioya etamiz», – degan Kanada yetakchisi. 

Italiya, Niderlandiya, Shveysariya kabi davlatlar ham mazkur shaxslar o‘z hududiga qadam qo‘ysa, qo‘lga olinishini tasdiqlagan.

Qamoqqa olish orderini «favqulodda muhim qadam» deb baholagan Irlandiya bosh vaziri Saymon Harris rasmiy Dublin sud qarorini hurmat qilishini urg‘ulagan.

Isroilning Yevropadagi yaqin ittifoqchilaridan sanalgan Fransiya ham xalqaro sud qaroriga muvofiq harakat qilishini ma’lum qilgan. Ayni choqda, Fransiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Kristof Lemuan «Bu ikki shaxs Fransiyaga kelsa hibsga olinadimi?» degan savolga javoban «Bu huquqiy jihatdan murakkab savol. Shu bois bu masala yuzasidan hozircha izoh bermayman», – degan.

Avstriya tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg sud qarorini tanqid qilgan bo‘lsa-da, xalqaro huquq ustuvorligini e’tirof etgan holda, uning mamlakati qarorga bo‘ysunishini aytgan.

Buyuk Britaniya matbuoti London hukumati ham xalqaro sud talabiga qarshi chiqmasligi haqida yozdi.

Dunyoning yetakchi davlatlaridan birgina AQSh Netanyahu va Gallantni hibsga olish haqidagi qarorga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.

«Biz Isroilning yuqori martabali mansabdorlarini qamoqqa olish haqida qarorni qat’iy ravishda rad etamiz», – degan Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per.

Kongress Vakillar palatasidagi demokratik partiya fraksiyasi rahbari Hakim Jeffris xalqaro sud qarorini «sharmandali» deya iddao qilgan.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson esa xalqaro sudga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qilgan.

Kelgusi yildan Donald Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlashi kutilayotgan Mayk Uols yanvar oyida xalqaro sudga qarshi keskin javob berilishi bilan tahdid qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSh Rim statutini imzolamagan va shunga ko‘ra Xalqaro jinoyat sudi qarorlarini bajarishga majbur emas.

Ammo AQSh rahbariyati xalqaro sud 2023 yil 17 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berganida bu qarorni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan edi.

Xalqaro mahkama prokurori Karim Xonga ko‘ra, Isroilning yuqori rutbali amaldorlariga nisbatan tergov olib borish payti unga po‘pisa va tahdidlar bo‘lgan, hatto amaldorlardan biri xalqaro mahkama G‘arb va uning ittifoqchilari uchun emas, balki «Afrika va Putin kabi kallakesarlar uchun tuzilgani»ni  uqtirgan.

Xalqaro jinoyat sudi – doimiy asosda faoliyat yurituvchi mustaqil yuridik organ bo‘lib, 1998 yil 17 iyulda imzolangan Rim statutiga asosan ta’sis etilgan. Mahkama xalqaro miqyosdagi og‘ir qilmishlar – genotsid, insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlarni ko‘rib chiqadi. Rim statutini imzolagan 123 davlat mahkama hujjatlarini bajarishga majbur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring