Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

NASA Mars bo‘yicha juda muhim bayonot berishi kutilmoqda

NASA Mars bo‘yicha juda muhim bayonot berishi kutilmoqda

Foto: IFL Science

Bugun, 7-yanvar soat 23:00 da (Toshkent vaqti) NASA ma’muri Bill Nelson va uning o‘rinbosari Niki Foks jiddiy muammolarga duch kelgan Mars Sample Return dasturi haqida yangilangan axborotni taqdim etadi. Bu haqda ScienceAlert xabar berdi.

NASA rahbariyati eng muhim fazoviy dasturlardan birining qanday amalga oshayotgani to‘g‘risida bugun muhim bayonot berishi kutilmoqda. Bu Mars Sample Return dasturi bo‘lib, Perseverance roveri bir necha yillar davomida to‘plagan Mars sayyorasi tog‘ jinslari namunalarini Yerga yetkazishga mo‘ljallangan.

Perseverance marsoxodi 2021-yildan buyon Qizil sayyoraning bir necha o‘nlab tog‘ jinslari hamda atmosferasi namunalarini to‘pladi. Bu namunalar hamon Marsda, maxsus titan idishlarda saqlanmoqda, endi ularni Yerga olib kelish kerak haqida bosh qotirishmoqda. Bu namunalar asosida olimlar Marsning geologik tarixi, sayyoraning iqlim evolyusiyasini o‘rganishadi, u yerda hayot bo‘lganmi-yo‘qmi, aniqlashga urinib ko‘radilar.

Mustaqil ekspertlar baholashi 2023-yilda Mars Sample Return dasturining kelajagini savol ostiga qo‘ydi. Masalan, rejada namunalarni Yerga 2030-yillarning boshlarida keltirish mo‘ljallangan edi, keyin ma’lum bo‘ldiki, buni kamida 2040-yilgacha uddalash mushkul.

Buning ustiga xarajatlar boshlang‘ich 3 mlrd dollardan 11 mlrd dollargacha o‘sib ketdi, ya’ni dastur juda qimmat, budjetni qisqartirish talab etilardi. Shunday bo‘ldi ham, 2024-yilda NASA budjeti qisqartirildi, shuning barobarida Mars Sample Return dasturi xarajatlari ham pasaytirildi.

Olimlar esa xavotirga tushib qolishdi, chunki o‘ta muhim fazoviy missiyalardan biri yo‘qqa chiqish, Marsda to‘plangan namunalar shundoqligicha qolib ketish xavfi ostida qoldi. Shu munosabat bilan 2024-yil aprelida bayonot bergan Nelson Mars Sample Return dasturi bekor qilinmasligi, biroq uning budjetini qisqartirish va missiyani 2040-yilgacha taqamasdan amalga oshirish yo‘llari qidirilayotganini ma’lum qildi. Shu tariqa o‘tgan yil oktyabrida Mars dasturini yangitdan baholash bo‘yicha ekspert guruhi ish boshladi. Katta ehtimol bilan bugungi matbuot anjumanida guruhning hisoboti ham eshitiladi.

NASA xavotirlanayotgan yana bir sabab — Xitoy. Gap shundaki, Xitoy 2028-yilda Marsdan namuna keltirish o‘z missiyasini jo‘natishni rejalashtirgan. Ular namunalarni Yerga 2031-yilda olib kelishmoqchi. Agarda NASA o‘z Mars dasturi muammolarini tezroq hal etmasa va aksincha, osiyoliklar buni uddalasa, AQSh fazoviy poygada Xitoyga yutqazadi.

Eslatib o‘tamiz, Marsning tuproq va tosh namunalari hali hech qachon Yerga keltirilmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring