Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir asar tahlili: «Yulduzlar aybdor»mi?

Bir asar tahlili: «Yulduzlar aybdor»mi?

foto: mybook_store

«Dunyo istaklarni amalga oshiradigan fabrika emas...»

Asar boshida muallif uni: «Bu roman badiiy to‘qima mahsuli... Uni men o‘ylab topdim» deb yozadi. Ammo oxiri o‘lim bilan tugaydigan saraton (rak)ka chalingan 16-17 yoshli o‘smirlarning hayotidan so‘zlovchi voqealarni qanday qilib o‘ylab topish mumkin? Xeyzel, Ogastus, Ayzeklarning prototiplari siymosida qanchalab xasta o‘smirlar qiyofasi turganini taxmin qilsa bo‘ladi...

Shekspirning  «Yuliy Sezar» tragediyasida shunday satrlar bor:

«Ayb, aziz Brut, yulduzlarimizda emas, balki o‘zimizdadir, chunki biz bo‘ysunuvchilarmiz».

Men keltirgan iqtibosdan amerikalik yozuvchi Jon Grin ilhomlanadi va o‘sha mashhur romanini «Yulduzlar aybdor» deb nomlaydi. Faqat ikkovi ikki xil talqin qiladi.

Shekspirda «yulduzlar» taqdir va inson nazoratidan tashqarida bo‘lgan kuchlarni anglatadi. Grin esa o‘z kitobida bu g‘oyani teskari talqin qilib, unga ko‘ra, insonning hayotidagi ayrim omillar, jumladan, kasallik, taqdir yoki qayg‘u «yulduzlar» aybi bo‘lishi mumkinligini ilgari suradi.

Dunyoda xastaliklar ko‘p. Tibbiyot jadallik bilan rivojlanayotganiga qaramay, ularning ayrimlari haligacha bedavo. Rivojlangan XXI asr kishisi ham bu qo‘rqinchli saratondan yurak oldirib qo‘ygan... Uning esa kategoriyalari ko‘p: karsinoma, sarkoma, miyeloma, leykemiya, limfoma, melanoma... Xullas, odam tanasida rivojlanadigan barcha bedavo dardlar ana shu so‘zlar ichiga yashiringan.

Biz sevib o‘qigan roman qahramonlari – Xeyzel Greys va Ogastus Uoterslar esa saratonning antiqa turlari bilan xastalangan edi. 17 yoshli Xeyzelga – qalqonsimon bez saratoni tashxisi qo‘yilgan, uning sevgilisi – Gasga esa osteosarkoma (suyak saratoni) yopishib olgan bo‘ladi.

Biroq roman siz o‘ylagandek, depressiv va g‘amgin emas, aksincha, quvnoq kayfiyatdagi o‘smirlarning sho‘x tabiatidek. Har bir o‘smir bedavo dardiga qaramay yashash uchun kurashadi, uning jamiki go‘zalliklarini anglashga, ko‘rishga intiladi. Kuchi yetmaganlarga ota-onasi yoki do‘stlari ko‘mak beradi... Ba’zida o‘limini tan olmoqchi bo‘lgan bu xastalarni ushlab turgan narsa bu – muhabbat edi.

Asarning bu nimjon qahramonlarini aynan shu muhabbat birlashtirib turadi. Hayotga, oilaga, kitobga, bir-biriga bo‘lgan o‘zgacha muhabbatlari...

Sevgi joy, vaqt, millat, hudud, holat tanlamaydi-da. Ertaga o‘lishi aniq bo‘lgan bemor ham sevib qolishi tabiiydir. Chunki ularning bu hayotdagi yagona baxti shu!

Asarda golland yozuvchi Piter van Xautenning  «Shoxona xastalik» romani muhim rol o‘ynaydi. Real hayotda mavjud bo‘lmagan, o‘ylab topilgan bu adib va uning asari Xeyzel va Gasning ko‘nglini zabt etgan edi. Romanning voqealari yoshlarni shunchalik ta’sirlantiradiki, kitobdagi savollarga javob olish uchun ikkovi ham Gollandiyaga elektron xat yozib, kasal bo‘lishlariga qaramay Amsterdamga borishadi...

Adabiyot tarixida asar qahramonlari haqida qayg‘urib, muallifga xat yozganlar, ularni izlab kelgan muxlislarning son-sanog‘i yo‘q. Xeyzel va Gas timsolida o‘sha muxlislarni ko‘rasiz...

Romandan ta’sirli iboralarni keltiraman:

«Uy yuraging turgan joyda»

«Chinakam sevgi mashaqqatli kunlarda tug‘iladi»

«Og‘riq bo‘lmasa, shodlikni anglarmidingiz»

«Sevish – bergan so‘zingga har qanday vaziyatda ham sodiq qolishdir»

«Haqiqiy qahramonlar harakat qilganlarmas, Haqiqiy qahramonlar kerakli narsani payqaydiganlardir»

Xullas, roman – har qanday bedavo kasallikka qaramay, hayotni va insonlarni sevishga chorlaydi.

Temur Tangriberganovning facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring