O‘tmishingiz bilan yarashing...
Ko‘pincha o‘tmishdagi xatolarimiz, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimiz, erisha olmagan orzularimiz bizning hozirgi kunimizga soya soladi. O‘tmish... U bizni shakllantirgan, bizga tajribalar, saboqlar, ba’zan esa izlar qoldirgan beqiyos yo‘l...
«O‘tmishingiz bilan yarashing, shunda u hozirgi kuningizni buzmaydi», deyishadi. Bu nima degani? Buni qanday amalga oshirish mumkin?
Birinchidan, o‘tmishni inkor etish yoki unutmoqchi bo‘lish foydasiz.
Uni qabul qilish kerak. Xatolarimizni, muvaffaqiyatsizliklarimizni, og‘riqli voqealarimizni tan olish bu – birinchi va eng muhim qadam. Bu degani, o‘tmishingizdan afsuslanish yoki o‘zingizni ayblash emas. Balki, sodir bo‘lgan voqealarni xolisona baholash, ulardan saboq olish degani.
Masalan, yoshligimda o‘zimga ishonmaslik sababli ko‘p imkoniyatlardan voz kechganman. Keyin esa shu holatni qabul qilgan holda, o‘zimga ishonchimni oshirish ustida ishlaganman. O‘tmishdagi xatolarimni eslab, o‘sha paytda qanday xato qilganimni, nimani o‘zgartirishim mumkinligini tahlil qilaman. Bu esa menga bugunimda, hozirda boshqacha yo‘l tanlashga yordam beradi.
Ikkinchidan, o‘tmishning sizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymang. Uni o‘zgartirishga harakat qilish befoyda. Ammo, o‘tmishning ta’siridan qutulish mumkin. Buning uchun o‘tmishdagi noxush voqealarni xotiradan chiqarish emas, balki ularning salbiy ta’siridan xalos bo‘lish muhim. Masalan, yomon munosabatlardan chiqib ketish, kechirish, psixolog bilan suhbatlashish bularning barchasi o‘tmishning salbiy ta’sirini kamaytirishga yordam beradigan usullar, vositalar.
Uchinchidan, o‘tmishdan saboq oling. U sizga boy tajriba va bilim bergan. Shu tajribadan foydalanib, kelajakda xuddi shu xatolarni takrorlashning oldini oling.
Xullas, o‘tmishingiz bilan yarashish bu – uni unutmoq yoki inkor etish emas, balki uni qabul qilish, undan saboq olish va uning sizga bo‘lgan salbiy ta’sirini kamaytirish deganidir. Faqat shundagina siz hozirgi kuningizdan to‘laqonli bahra olishingiz mumkin.
Madina Miytan, psixolog
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter