Samarqandda YPX xodimi ustiga mashina haydagan fuqaro qamoqqa olindi

Samarqandda YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan inspektorning hayoti uchun xavfli harakatlar sodir etgan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 31-yanvar kuni Samarqand shahri Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX xodimi davlat raqamisiz harakatlanib kelayotgan Onix avtomoshinasiga to‘xtash ishorasini beradi.
Haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, mashinani xodim ustiga haydab, unga tan jarohatlari yetkazgan va voqea joyidan qochib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter