Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘tgan davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri o‘zgardi, siyosiy madaniyati yuksaldi – Shavkat Mirziyoyev

O‘tgan davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri o‘zgardi, siyosiy madaniyati yuksaldi – Shavkat Mirziyoyev

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.

Davlat rahbari so‘zining avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor bo‘lganlarni tabrikladi.

Bu yuksak ishonch ularning boy bilimi va hayotiy tajribasi, el-yurtimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan fidoyi mehnatiga nisbatan xalqimizning ulkan hurmat va ehtiromi ifodasi ekani ta’kidlandi.

Har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini o‘tkazish yanada katta mas’uliyat talab etadi. Turli mintaqalarda urush va janjallar, qarama-qarshilik va ziddiyatlar avj olib bormoqda.

«Ana shunday g‘oyat murakkab davrda saylovlarni osoyishtalik sharoitida, emin-erkin o‘tkazganimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Barchamiz bu bebaho boyligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz va mustahkamlashimiz kerak», – dedi Prezident.

Shuningdek, xorijiy tashkilotlar va kuzatuvchilar ham bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari xalqaro standartlarga to‘la mos holda o‘tganini e’tirof etib, ularga yuqori baho bergani ta’kidlandi. 

Davlat rahbari bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, ular yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi.

Bundan tashqari, o‘tgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi.

Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Ko‘plab davlatlarda bunday islohotlarni o‘tkazish uchun o‘n yillar kerak bo‘lgan. Shu ma’noda, O‘zbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir.

Yangi tizim har bir saylovchining ovozi Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rni uchun muhim ekanini, bu borada adolat tamoyili yanada kuchayganini ham ko‘rsatdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring