Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maktab darsliklari uchun ijara pullari qayta tiklanadi – loyiha

Maktab darsliklari uchun ijara pullari qayta tiklanadi – loyiha

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilgan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Budjetnomada maktab darsliklari uchun ijara pullari qayta tiklanishi ma’lum qilinmoqda.

Ya’ni, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab Prezidentning PF-79-sonli Farmoni bilan maktab darsliklarining ijara to‘lovi to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash hamda o‘quvchilarga darsliklarni bepul foydalanishga berish tizimi joriy qilingan edi.  Kelgusi yillar uchun ishlab chiqilgan Budjetnoma loyihasiga ko‘ra esa «umumta’lim maktablarini darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalar ishtirokini oshirish» maqsadida 2025-2026 o‘quv yilidan 2–11 sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimi qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yilda bir bola uchun darslik va mashq daftarlari bir to‘plami o‘rtacha narxi 450-500 ming so‘mni tashkil etgan (shundan mashq daftarlari 100-150 ming so‘m). Reja qilinayotgan tartib bo‘yicha bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (bir to‘plam tan narxining 16-18 foizi) miqdorida ota onalar to‘lovini qayta tiklanishi mumkin. Ushbu to‘lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so‘m mablag‘lar esa har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.

«Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda», – deyiladi Hujjat loyihasi matnida.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bog‘liq xarajatlar – 1,3 trln so‘m etib belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring