Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilmoqda

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti boshlandi. Uchrashuvda yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlari muhokama qilinadi, faol yoshlarning takliflari eshitiladi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida azmu shijoatli, navqiron yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
«Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlik – bu qalbning oltin sozi. Bunga qo‘shimcha qilib, yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Aholimizning 60 foizini aynan yoshlar tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz.
Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi?
Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar», - dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter