Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oilaviy tadbirkorlik» doirasida 100 million so‘mgacha kredit berish soddalashtiriladi

«Oilaviy tadbirkorlik» doirasida 100 million so‘mgacha kredit berish soddalashtiriladi

Foto: Xabar.uz

Prezident yig‘ilishida dala chetidan samarali foydalanayotgan tadbirkorlar ko‘payib borayotgani ta’kidlandi.

Masalan, Asakadagi fermer xo‘jaligi dala chetidagi 3 gektarda 10 ming dona tut, terak va tok ekib, besh yildan keyin 700 million so‘m daromad ko‘rgan. «Samarqand qulupnay» korxonasi Qo‘shrabot, Jomboy, Bulung‘urdagi 6,5 ming aholiga 3 million olcha ko‘chatini bepul tarqatib, dala chetida ektirishni yo‘lga qo‘ydi.

Yil yakunigacha dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi.

Endilikda tomorqa, ichki ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga O‘simliklar karantini va himoya agentligi mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Viloyat hokimlaridan ham bu borada so‘rov qattiq bo‘lishi qayd etildi.

Bu ishlarga faol kirishgan aholi, fermer va klasterlarga katta yengilliklar berilishi ta’kidlandi.

Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qo‘shimcha ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerlarga barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

«Oilaviy tadbirkorlik» dasturidagi 100 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi.

Shu bilan birga, dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani “e-Fito» portali orqali nazorat qilib boriladi.

Shuningdek, har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatish, ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 million tup uzum ekish muhimligi ta’kidlandi.

Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat ko‘rsatsa, o‘zini o‘zi band qilgan bo‘ladi va ularga mamlakatimizda chiqadigan texnika uchun 30 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Meva-sabzavotni qayta ishlash Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Jizzaxda respublika ko‘rsatkichidan pastligi qayd etildi. Angor, Uzun, Hazorasp, Xonqa, Ulug‘nor, Kegeylida birorta meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari yo‘q.

Bunga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar ishlatilmasdan yotgani, ayrim hududlar birorta loyiha taklifini bermaganiga e’tiroz bildirildi.

Mutasaddilarga ushbu mablag‘ni samarali ishlatish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, amaliy ishga o‘tish topshirildi.

Eksport yil davomida bo‘lishi uchun 51 ta tumanda «shok» usulida muzlatish tizimini yaratish rejalashtirilgan edi. Lekin bunday loyihalarni qilaman degan 76 ta tadbirkorning 20 tasiga yer ajratish masalasi hal bo‘lmagan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga keyingi yilda 76 ta shunday loyihani to‘liq ishga tushirish topshirildi.

Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida Surxondaryoda karam, lavlagi, Jizzaxda piyoz hosili, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryoda tarvuz hosili oxirigacha yig‘ib olinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Ehtiyojdan ortgan hosilni quritib, ozuqaviy qo‘shimcha shaklida eksport qilish mumkinligi, bunga oziq-ovqat sanoati korxonalarida talab kattaligi ta’kidlandi.

Kelgusi yilda «shok” usulida muzlatish, ozuqa qo‘shimchasi tayyorlash bo‘yicha 100 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Sanoatlashgan bog‘-tokzorlarda 20 sotixgacha maydonda kichik muzlatkich, saralash va qadoqlash sexlarini qurishga ruxsat berilgan.

Mutasaddilarga intensiv bog‘larda bunday sexlar uchun joylarni belgilash, kelgusi yilda 500 ming tonnali quvvatlarni yaratish bo‘yicha hisob-kitob qilib, tumanlar bo‘yicha ishni boshlash topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring