Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bolalar» va «Adabiyot» nimani anglatishini bilamizmi?

«Bolalar» va «Adabiyot» nimani anglatishini bilamizmi?

foto: internet, ochiq manba

Yurtimizda bo‘ladigan bolalar adabiyotiga oid har qanday suhbatni internetda topsam miriqib ko‘raman. Suhbatlardan ko‘p narsa o‘rganaman. Lekin meni bir narsa hayron qoldiradi.

«Bolalar adabiyoti» haqida gaplashayotganda hamma «ko‘rpa»ni har tomonga tortadi.

«Bolalar adabiyoti», deganda kimdir 7dan 70 yoshgacha bo‘lgan har qanday diniy kitob, kimdir 7 dan 70 yoshgacha bo‘lgan har qanday tarbiyaviy kitob, kimdir bolaga ensiklopedik bilimlarni beradigan kitob, kimdir tilning go‘zalligini tanishtiruvchi kitob (Navoiy asarlari), kimdir Disney qahramonlari bilan tanishtiruvchi kitob, kimdir darslik, kimdir o‘qishni o‘rgatadigan kitob, kimdir ertak, kimdir rang-barang rasmlarga ega to‘plamni va yana ko‘plab turli xil xususiyatlarga ega kitoblarni tushunadi.

Hech biri ham to‘g‘ri emas.

Aslida «Bolalar adabiyoti», degan tushunchaga aniq bir ta’rif berish uchun, biz avallambor «Bolalar» va «Adabiyot» nimani anglatishini o‘zimiz uchun belgilab olishimiz kerak.

Bolalar – bu 0 dan 16 yoshgacha bo‘lganlarmi yoki faqat maktab o‘quvchilarimi yoki bog‘cha yoshidagilarmi? Balki o‘smirlardir?

Undan so‘ng, biz bolalar jamiyatda qanday bo‘lishini istayapmiz? Biz kitoblar orqali ularni qayerga yetaklamoqchimiz? IT sohasi mutaxassisligigami, shifokorlikkami, balki Rossiyada borib ishlashgami?

Bundan keyin biz qanday oilada o‘sayotgan bolalarni nazarda tutyapmiz? Ota-onasi dam olish kuni kutubxonaga olib borib, undan so‘ng muzqaymoq yeydigan bolanimi yoki otasi kechki payt ishdan ichib kelgan yoki ikkinchi oilasi bor otaning bolasini?

Yana bir masala, jismonan qanday bolani nazarda tutamiz? Sport bilan shug‘ullanadigan sog‘lom bolanimi, ko‘zi ojiz bolanimi, autist bolanimi yoki jismonan sog‘lig‘ida nuqsoni borlarinimi? Aktiv yoki passiv xarakterdagi bolanimi?

Biz bolalar deganda kimni nazarda tutamiz doim?

Ana shu savolga javob bermay turib qanday qilib biz «Bolalar adabiyoti» qanday bo‘lishi kerakligi haqida suhbatlasha olamiz?

Bolalar bu faqat «ikkichi» va «a’lochi» lar emas.

Bolalar xilma-xil, nihoyatda xilma-xil bo‘ladi va biz shuni bilsak, o‘zimizga belgilab olsak, nafaqat a’lochilar balki har bir bola kitob o‘qishi kerakligini tushunsak va shuning ma’suliyatini o‘z bo‘ynimizga olsak, shunday bolalar uchun adabiyot qanday bo‘lishi kerakligini topa olamiz.

Biz bugun bolalar adabiyoti haqida suhbat qurayotganimizda juda tor o‘tgan asr doirasidagi tushunchalarda fikr yuritib qo‘ymayapmizmi?

                                                                                               Bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minova 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring